Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Tabiatni asraylik!


Tabiatni asraylik!

O‘zbekiston Respublikasi florasining dorivor o‘simliklar tabiiy resurslaridan oqilona foydanish, ayrim dorivor o‘simliklarning plantatsiyalarining tashkil etish, ularning xom-ashyosini qayta ishlash va eksportni ko‘paytirishni rivojlantirish maqsadida hukumatimiz tomonidan qator farmon va qarorlari qabul qilinmoqda. Bu esa, o‘simliklar tabiiy resurslaridan oqilona foydalangan holda, istiqbolli dorivor va xo‘jalik ahamiyatiga ega o‘simliklarning sanoat plantatsiyalarini tashkil etishni yo‘lga qo‘yishni amalga oshirish zarurligini belgilar edi.

Lekin, tabiatdan foydalanuvchilar tomonidan respublika florasidagi o‘simliklar tabiiy resurslaridan rejasiz, nazoratsiz va to‘xtovsiz bir so‘z bilan aytganda, ayovsiz foydalanish natijasida bir qator dorivor o‘simliklarning kamayib ketishi yoki butkul yo‘qolib ketish arafasiga kelib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa, “Qizil kitob”ga kiritilgan o‘simlik turlari sonining ko‘payishi barobarida, kitob hajmining ortishiga zamin yaratmoqda.

Tojik kavragi yo‘qolib ketish arafasida

Ana shunday, respublika florasida tabiiy resurslari keskin qisqarib, yo‘qolib ketish arafasiga kelib qolgan o‘simlik turlari qatoriga Tojik kavragini (Ferula tadshikorum Pimenov) kiritish mumkin. Mazkur tur Pomir-Oloy tizmasi (Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari) endemik o‘simligi hisoblanib, dorivorlik xususiyati va xo‘jalik ahamiyati jihatdan turkumning yetakchisi hisoblanadi.

Dorivor xom-ashyo sifatida o‘simlikning yer ostki (havoda qotgan ildizning sutli shirasi) qismidan tashqari, yer ustki qismi hisoblanadi.

Tojik kavragi xom-ashyosi

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti ilmiy xodimlari tomonidan Tojik kavragi tabiiy populyatsiyalarining hozirgi holati, zahirasi va tarqalish hududlarini o‘rganishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida o‘simlik populyatsiyalari sonining keskin qisqarib ketganligi, o‘z navbatida o‘simlik zahirasi hajmining kamayib ketganligi aniqlandi. Bunga asosiy sabab, tabiatdan foydalanuvchilar tomonidan o‘simlik xom-ashyosi (shirasi) nazoratsiz, rejasiz va noto‘g‘ri (o‘simlik ildizi o‘zak qismini to‘liq kesib tashlash orqali – bunda o‘simlikning to‘liq nobud bo‘lishiga olib keladi) yig‘ib olinayotganligidir.

Bir yil oldin ishlatilgan Tojik kavragi ildizi

O‘simlikning tabiiy zahiralaridan (asosiy tarqalish areali respublikaning janubiy hududlarining o‘rta tog‘ mintaqalari, ya’ni Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari) bunday foydalanish natijasida uning hozirgi tabiiy tarqalish areallarining butunlay yo‘qolib ketish xavfi ostida qolishiga, o‘z navbatida, mazkur turni O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ning navbatdagi nashriga 3-maqom bilan tavsiya etilishiga asos bo‘ldi. So‘nggi yillar davomida o‘simlikning yillik yig‘ib olingan xom-ashyosi hajmining keskin pasayib ketganligiga yuqorida keltirilgan ma’lumotlarning isboti sifatida qarash mumkin.

Tojik kavragi xom-ashyosini yig'ish dinamikasi

Birgina, 2019-yilda O’zR FA Botanika instituti tomonidan o‘simlikning zahirasi va tarqalish hududlarini aniqlash bo‘yicha amalga oshirilgan tadqiqotlar mobaynida respublikamizda o‘simlikning asosiy tarqalish hududlarining jami 33 922,3 ga maydonlarini o‘rganish natijalariga ko‘ra, mazkur hududlarda saqlanib qolgan o‘simlik populyatsiyalaridagi tuplar va bevosita xom-ashyobop o‘simliklar (5-6 yoshdagi) sonining keskin qisqarib ketganligi aniqlanib, o‘z navbatida, o‘rganilgan maydonlarda aniqlangan o‘simlikning asosiy populyatsiyalari faqatgina respublika chegara va chegara oldi hududlaridagina saqlanib qolganligi va mazkur hududlarda ham hozirgi kunda o‘simlik xom-ashyosini yig‘ib olish ishlari amalga oshirilayotganligi kuzatildi.

Endilikda, tojik kavragi tabiiy populyatsiyalarini saqlab qolish va qayta tiklash uchun:

- o‘simlik tabiiy populyatsiyalaridan uning shirasini yig‘ib olishga yo‘l qo‘ymaslik (bu o‘simlik populyatsiyalarining qayta tiklanishiga zamin yaratadi);

- o‘simlikni keng mashstabli sun’iy plantatsiyalarini tashkil etish;

- sun’iy plantatsiyalarni tashkil etishda o‘simlik tabiiy populyatsiyalaridan foydalanish, ya’ni populyatsiyalarga zarar yetkazmagan holda o‘simlik urug‘larini yig‘ib olish;

- o‘simlikni tabiiy populyatsiyalaridan foydalanishda qat’iy nazoratga yo‘lga qo‘yish zarur;

- o‘z navbatida, tegishli tashkilotlar tomonidan tabiiy populyatsiyalarni muhofaza qilishni qat’iy chora-tadbirlar rejasi asosida amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish zarur.

O‘zbekiston Respublikasi florasining dorivor o‘simliklar tabiiy resurslaridan oqilona foydanish, ayrim dorivor o‘simliklarning plantatsiyalarining tashkil etish, ularning xom-ashyosini qayta ishlash va eksportni ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-martdagi “Respublikada kavrak plantatsiyalarini tashkil etish va ularning xom-ashyosini qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirish hamda eksport qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3617-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur qarorda respublika hududida ikki turdagi (Ferula foetida L., Ferula tadshikorum) kavraklarning plantatsiyalarini tashkil qilish, xom-ashyosini qayta ishlash va eksportini ko‘paytirishni yo‘lga qo‘yish belgilangan. Yuqoridagi qarorda belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi Tojik kavragining tabiiy populyatsiyalaridan foydalanish ko‘rsatkichining pasayishiga va tabiiy zahiralarining qayta tiklanishiga zamin yaratadi.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, tojik kavragi tabiiy populyatsiyalarini saqlab qolish va o‘simlikning keng masshtabli sun’iy plantatsiyalarini tashkil etishni yo‘lga qo‘yish maqsadida, Botanika instituti xodimlari tomonidan “Janubiy O‘zbekiston sharoitida Ferula tadshikorum Pimenov turini urug‘idan yetishtirish bo‘yicha yo‘riqnoma” ishlab chiqilib, chop etildi. Mazkur yo‘riqnomada tojik kavragini endem o‘simlik ekanligini inobatga olgan holda, o‘simlikni o‘z o‘sish hududida sun’iy plantatsiyalarini tashkil qilishda foydalanish uchun - o‘simlik urug‘ini tayyorlash va uning sifati, ekish texnologiyasi va xom-ashyoni yig‘ib olish bo‘yicha ilmiy asoslangan ma’lumotlar keltirilgan.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, Tojik kavragini yetishtirish uchun sanoat plantatsiyalarining tashkil etilishi tabiiy populyatsiyalarga bo‘lgan talabni pasaytirishda ijobiy natija va Tojik kavragi tabiiy resurslarini saqlab qolishda ko‘mak berib, o‘z navbatida dunyo bozorida talab yuqori bo‘lgan qimmatbaho eksportbop o‘simlik xom-ashyosi bilan ta’minlanadi.

O‘zR FA Botanika instituti, 
Dorivor o‘simliklar introduktsiyasi 
laboratoriyasi mudiri A.V.Maxmudov


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!