O‘zR FА Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari tomonidan ekologik xavfsiz bioparchalanuvchi polimer plyonka va qadoqlovchi materiallar olish uchun bioparchalanuvchi kompaund ishlab chiqarish texnologiyasi yaratildi va Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan Start Up loyiha holatida moliyalashtirilib, Institutda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Ishlanma doirasida olinadigan mahsulot poliolefinlar asosida turli sohalarda qo‘llashga mo‘ljallangan bioparchalanuvchi mahsulotlarni (qadoqlash paketlari, plyonkalar, bir martalik idishlar va boshq.) ishlab chiqarish uchun bioparchalanishni ta’minlovchi qo‘shimchalar hisoblanadi.
Mazkur qo‘shimchalarni qo‘llash orqali olinadigan plastik isteʼmol buyumlari bioparchalanuvchanligi, yuqori mexanik xususiyatlari saqlanib qolganligi, inson salomatligi uchun zararli xususiyatlarning mavjud emasligi, chiriganda tuproq infratuzilmasi va unumdorligiga zarar keltirmasligi kabi xususiyatlari bilan tavsiflanadi.
Tarkibida bioparchalanishini taʼminlovchi qo‘shimchalar tutgan plastik polimerlar asosida turli mahsulotlar paketlar (xaltalar), oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qadoqlash, bir martalik foydalaniladigan idishlar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligida bir yillik o‘simliklarni plyonka ostiga ekishda qadoqlovchi vosita sifatida qo‘llash uchun plyonkalar olishda qo‘llash mumkin.