Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Suyurlitepa yodgorligida olib borilayotgan tadqiqotlar tarix moʼjizalarini kashf etishda davom etmoqda


O‘zbekiston Fanlar akademiyasi  Milliy arxeologiya markazi va Tarix instituti xodimlari tomonidan Toshkent viloyati, Ohangaron tumani Suyurlitepa yodgorligida 2022-yilning aprel oyidan buyon arxeologik tadqiqotlar olib borilmoqda.

Suyurlitepa yodgorligi Ohangaron daryosining chap sohilida, Qurama tog‘larining shimoliy etagida, bugungi Sanam qishlog‘idan 2 km sharqda, Olmaliq shahrini Angren shahri bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan.

2022-yilgi qazishmalar Vag‘nze mulkining janubi-sharqiy qismidagi nisbatan balandroq tepalikni ochib o‘rganishdan boshlandi. Qazishma 20x20 metr o‘lchamli maydonda amalga oshirildi.

Qazishmalar natijasida bu yerdan ilk o‘rta asrlarga oid monumental inshoot o‘rni aniqlandi. Uning qurilishida paxsa va xom g‘ishtlardan foydalanilgan. Bino 3 qavatli paxsa bloklaridan iborat platformaning ust qismida ko‘tarilgan. Uning tom qismi arkasimon qilib yopilganligi qazishmalar jarayonida aniqlandi. Inshootning aynan qanday vazifani bajarganligi haqida tugal xulosaga kelinganligi yo‘q. Tadqiqotlar yakunida yakuniy xulosalar beriladi.

Tadqiqotlar natijasida, rivojlangan o‘rta asrlarga kelganda binodan boshqa maqsadlarda foydalanganligi qayd etildi. Inshoot markaziy xona va unga tutashtirilgan yordamchi xonalardan iborat qilib qurilganligi hamda unga yana bir qancha xo‘jalik xonalari keyingi davrlarda qo‘shilganligi yodgorlikning rejasida aks etgan. Qazishma maydonida jami 10 ga yaqin xonalar ochib o‘rganildi.

Arxeologik qazishmalar natijasida bu yerdan Turk xoqonligi, Somoniylar, Qoraxoniylar va Mo‘g‘ullar bosqini davriga oid boy ashyolar, tangalar, sopol idishlar (sirlangan va sirlanmagan laganlar, kosalar, xumlar va hokazolar), kamon o‘qining uchlari, shisha idishlar, turli xil taqinchoqlar, suyakdan qilingan taroqlar va boshqa ko‘plab tarixiy buyumlar topildiki, bularning hammasi ushbu shahar tarixini yoritishda chinakam xazinadir.

Xonalardan paxsa blokli platformani o‘yib ochilgan jami 5 ta xo‘jalik o‘ralari aniqlandi. O‘ralardan bittasi to‘g‘ri to‘rtburchak, qolganlari esa aylana shaklga ega. Ulardan 20 turdagi shisha idishlar, xususan, shisha laganlar, vazalar, bakallar va tabiblar tomonidan giyoh solish uchun ishlatilganligi talqin qilinayotgan kichik, nozik ko‘rinishga ega shisha idishlar va hokazolar topildi. Bunday turli-tuman shisha idishlarning topilishi bu hududlarda bir vaqtlar shishasozlik yuksak darajaga yetganligining isbotidir.

O‘ralardan birida Somoniylar davrida oid (X asr) noyob laganlar ham topildi. Ularning sirtiga oq rang berilib, sirlangan. Laganlardan birida arab alifbosining kufiy xatida العمر .البركة لصاحبه كل so‘zlari yozilgan. Yozuvlar o‘ng tomondan o‘qilganda al'umru (umr), al-barakatu (baraka), li sooxibixi (egasi uchun, egasiga) so‘zlari bitilgan. Laganlardan birida xumo qushiga o‘xshab ketadigan qush tasvirlangan bo‘lib, u tumshug‘ida gul tutib olgan. Ikkala lagan ham somoniylar davrining nodir namunalaridan hisoblanadi.

Shaharning ichki yo‘llarini aniqlash maqsadida 7 ta nuqtada transheyalar (eni 1 m, uzunligi 5-14 m.lik chuqurlar) tashlandi va shaharning ba’zi ichki yo‘llarining o‘rniga aniqlik kiritildi.

Yodgorlik janubi-sharqiy qismidagi keng maydonlarda qavat-qavat qilib tarmoqlangan ariqlarning o‘rni yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ehtimol, tarixda bu maydonlarda bog‘-rog‘lar barpo etilgandir.

Yodgorlik hududi juda kengligi bois, uning katta qismi o‘z sir-asrorlarining ochilishini kutib turibdi. Yodgorlikda arxeologik tadqiqotlar davom ettirilmoqda.

 

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi

Tarix instituti tayanch doktoranti

Ubaydulla Ismoilov.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!