Bugun, 1-aprel kuni Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Supa” (Suffa) Xalqaro radioastronomik observatoriyasida olib borilayotgan ishlarga bagʼishlangan brifing oʼtkazildi.
Respublikamiz hududidagi Supa platosida dengiz sathidan 2500-3000 m balandlikda joylashgan RT-70 radioastronomik observatoriyasi noyob ilmiy obyekt hisoblanadi.
Xalqaro observatoriya Oʼzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumatlari oʼrtasidagi 1995-yil 27-iyulda Toshkent shahrida tuzilgan Supa yassi togʼida Xalqaro radioastronomik observatoriyasini barpo etish toʼgʼrisida”gi Bitimga asosan tashkil etilayotgan xalqaro ilmiy-tadqiqot tashkiloti hisoblanadi.
Xalqaro kelishuvga asosan, Supa platosi hududida radioshaffoflikni kecha-kunduz monitoring qilish boʼyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish va RT-70 radioteleskopini barpo etish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi RT-70 radioastronomik observatoriyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Hozirgi kunda mazkur ilmiy obyektda qurilish-rekonstruktsiya ishlari olib borilmoqda hamda Xalqaro observatoriya faoliyati boʼyicha Nizom tasdiqlandi.
Unga koʼra, Oʼzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasidan tashqari mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda boshqa davlatlar ham Xalqaro observatoriyaning aʼzosi boʼlishi mumkin.
Nizomga muvofiq, Observatoriya muassis davlatlarning ulushli ishtiroki printsiplariga asosan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, Observatoriya oʼz faoliyatini tartibga soluvchi ichki qoidalarini belgilaydi, axborot-noshirlik faoliyatini amalga oshiradi, “Internet” axborot-telekommunikatsiya tarmogʼida rasmiy saytiga ega boʼladi.
Qurilayotgan majmuaning bosh instrumenti – toʼla buriluvchi diametri 70 metrli antenna spektrning millimetrli toʼlqin uzunligi diapazonining qisqa sohasida ishlovchi radioteleskopning adaptiv tizimli yangi avlodi hisoblanadi. RT-70 radioteleskopidan katta yuzali antenna nodir xususiyatiga ega asbob sifatida uzoqdagi apparatlar kosmik bazasi bilan aloqani taʼminlash uchun ham foydalanish mumkin.
Observatoriya tarkibiga RT-70 radioteleskopi va boshqa astronomik uskunalar, ilmiy maʼlumotlarni toʼplash va ishlov berish tizimlari, bino va inshootlar, vaxta yashash qoʼrgʼonidan iborat boʼlgan radioastronomik observatoriyasi, Toshkent va Moskva shaharlari va Zomin qoʼrgonidagi maʼmuriy, laboratoriya va xoʼjalik binolariga, faoliyati Observatoriya direktori tomonidan tasdiqlanadigan alohida nizomlar bilan tartibga solinadigan Moskva shahridagi Rossiya boʼlinmasiga, shuningdek, ilmiy boʼlimlar, laboratoriyalar, muhandislik-texnik, ishlab chiqarish, maʼmuriy-xoʼjalik va boshqa yordamchi boʼlinmalar kiradi.
Observatoriyaning faoliyat yoʼnalishlari quyidagilar hisoblanadi:
- Yer va Koinotning fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarini olib borish;
- Observatoriyaning oliy malakali ilmiy va mudandis-texnik kadrlarini tayyorlash hamda ularning kasb malakasini oshirish;
- Observatoriyaga aʼzo davlatlar ilmiy tashkilotlarining ilmiy-texnik salohiyatidan samarali foydalanish va rivojlantirish;
- xalqaro ilmiy loyihalarda qatnashish;
- amaliy xarakterga ega boʼlgan ilmiy natijalarni aʼzo-davlatlarning ijtimoiy-idtisodiy masalalarini hal etish uchun qoʼllash;
- asosiy faoliyatni moliyalashtirishning qoʼshimcha manbalarini taʼminlash uchun aʼzo-davlatlar tashkilotlari va muassasalarining taʼlim, ilmiy-maʼrifiy, ishlab chiqarish va boshqa xoʼjalik faoliyatida ishtirok etish.
Observatoriyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- RT-70 radioteleskopi va boshqa astronomik uskunalar pretsizion tizimlari va ilmiy apparaturasining tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini bajarish;
- Supa yassi baland togʼi hududidagi spektrning millimetrli sohasidagi yer atmosferasi parametrlarini tadqiq etish;
- ilmiy tadqiqotlarni olib borish natijasida, xususan, ilmiy ishlarni chop etish, konferentsiya, simpoziumlarni oʼtkazish, tadqiqotchi va mutaxassislarning hamkor ilmiy tashkilotlardagi stajirovkalarini tashkillashtirish orqali olingan axborot va tajriba bilan almashish;
- oʼzaro manfaatdorlik asosidagi hamkorlik maqsadida aʼzo-davlatlarning milliy va xalqaro ilmiy tashkilot va muassasalari bilan aloqalarni yoʼlga qoʼyish hamda munosabatlarni qoʼllab-quvvatlash.
Shuningdek, Observatoriya kosmik apparatlar bilan toʼlqinlar uzunligining qisqa toʼlqinli diapazonida keng polosali aloqani taʼminlash; Yer sathidagi reper nuqtalarning yuqori aniqlikdagi koordinata-vaqtli taʼminoti, geodinamika va seysmika, asteroid-kometa xavfi obyektlarini aniqlash, kosmik fazoni nazorat qilish bilan shugʼullanadi.