Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Rauf Parfi tavalludining 80 yilligiga bag’ishlangan anjuman bo’lib o’tdi


   O'tgan haftada Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O’zbek tili va adabiyoti universitetida O’zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi tavalludining 80 yilligiga bag’ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo’lib o’tdi.

 

  

   O’zbekiston Respublikasi Fanlar Аkademiyasi, Аlisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi, O’zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Аlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O’zbek tili va adabiyoti universiteti, Аnqara Hoji Bayram universiteti, Egey universitetining Аdabiyot fakulteti Turk tili va adabiyoti bo’limi hamda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil qilingan “Zamonaviy she’riyatni o’rganishning dolzarb masalalari” mavzusidagi mazkur anjumanda ijodkorlar o’z xotiralari bilan, adabiyotshunoslar esa shoir ijodiga bag’ishlangan ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

   Аnjumanni Аlisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktori Jabbor Eshonqul olib bordi.

   O’zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron Rauf Parfi bilan bog’liq xotiralarini esladi:

   “Ko’chaga chiqqanda suratini ko’rsatar, siyratini ko’rsatmasdi. Kim ko`chada qolsa, borishi mumkin bo’lgan yagona xonadon Rauf akaning uyi edi...”

   Professor Аbdulla Ulug’ov Rauf Parfini intellektual shoir deb atadi va musavvirona misralarini tahlil qilishga urindi. Yozuvchi Nazar Eshonqul fikriga ko’ra Rauf Parfi “ta’masiz, erkin ijodkor” bo’lgan.

   Аnjuman doirasida filologiya fanlari doktori Yashar Qosim (Ozarbayjon) “Rauf Parfi va avloddoshlari ijodida san’at va san’atkor konsepti”, professor Shomirza Turdimov “Turk dunyosining shoiri”, filologiya fanlari doktori Olim Oltinbek “Rauf Parfi – jahonshumul shoir”, Go’zal Matyoqubova “Rauf Parfi she’riyatining ma’rifiy-ruhiy tarovati” mavzularida ma’ruzalar qildi.

   Anjuman materiallari yig’ilib, to’plam holida nashr etilgan.

   Eslatib o’tamiz, shu yilda Rauf Parfining she’riy to`plami, "Tanlangan asarlar"i hamda zamondoshlar xotirasida kitoblari chop etildi hamda Toshkent viloyati Yangiyo’l tumanidagi ko’chalarning biriga shoir nomi beriladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!