Insoniyat qadimdan osmon jismlariga, xususan, Oy harakatlariga katta qiziqish bilan qarab kelgan. Oy fazalari nafaqat astronomik hodisa, balki tabiatdagi mavsumiy oʻzgarishlar bilan ham chambarchas bogʻliq. Shulardan biri — fevral oyida kuzatiladigan toʻlinoy boʻlib, u xalq orasida “Qor Oyi” nomi bilan tanilgan.
Yilning ikkinchi toʻla Oyi, yaʼni toʻlinoy fazasi, 1-fevral yakshanba kuni sodir boʻladi. Shu kuni Oy Quyoshdan qarama-qarshi tomonda boʻladi, taxminan Quyosh (17:39) botganda Oy (16:58) chiqadi.

Astronomik nuqtayi nazardan toʻla Oy fevralda quyidagi uchta yulduz turkumidan birida joylashgan boʻlishi mumkin: bulardan ikkitasi zodiak yulduz turkumlari boʻlmish Arslon va Qisqichbaqa, uchinchisi Arslonga qoʻshni Sekstant yulduz turkumidir. Koʻpincha fevralning toʻlin Oyi Arslon yulduz turkumida boʻladi, biroq 2026-yilda oyning toʻla diski Qisqichbaqa turkumida joylashadi.

Oy 1-fevral kuni Polluks (Egizaklar yulduz turkumi) va Regul (Arslon yulduz turkumi) yulduzlari oʻrtasida turadi, bu ikki yulduz ekliptika yaqinida joylashgan. Tun davomida Oy Regul yulduziga tomon siljib boradi. Oʻsha tunda toʻla Oy Qisqichbaqa yulduz turkumidagi Yasli (M44) yulduzlar toʻdasi yonidan oʻtadi. Oyning toʻdaga eng yaqin borishi dunyo vaqti bilan soat 13:19 minut (Toshkentda 18:19) oʻtganda roʻy beradi. Yaqinlashishni kuzatish nazariy jihatdan mumkin boʻlsada, amalda Oyning yorugʻ nurlari Yaslini koʻrishga halaqit qiladi.
AQSH, Kanada va Grenlandiya aholisi Yaslining Oy bilan toʻsilishini kuzatishlari mumkin. Toʻsilish dunyo vaqti bilan 11:21 (Toshkentda 16:21) da boshlanib 15:00 (20:00) da tugaydi.
Xoʻsh, Qor Oyi nima?
Shimoliy Amerika va Yevropa xalqlari odatiga koʻra fevral oyida kuzatiluvchi toʻla Oyni Qor Oyi deb atashadi. Boshqa baʼzi nomlardan (masalan, Chuvalchang Oyi yoki Pushti Oy) farqli ravishda fevraldagi toʻla Oy oʻz nomidan koʻrinib turibdiki, Shimoliy Amerikada eng koʻp qor yogʻadigan oy. Shuning uchun mahalliy amerika hindu qabilalari uni Qor Oyi, deb atashgan. Baʼzi qabilalar esa uni Ochlik Oyi ham deyishadi, sababi bu oyda qattiq sovuq ov qilishni qiyinlashtiradi.
Turli xalqlar fevralning toʻlin Oyini har xil nomlar bilan atashgan, masalan, xitoyliklar - Gullab-yashnash oyi, Keltlar - Muz Oyi, Kanada va AQSH shimolida - Burgut Oyi, Janubiy yarimsharda Don Oyi, Arpa Oyi, Qizil Oy, It Oyi kabi.
Bu Oyni koʻpincha mulohaza yuritish, sabr-toqat va hissiyot bilan bogʻlashadi, shuningdek eski narsalardan xalos boʻlishga yordam beradi, deb hisoblashadi.
Oʻtgan Qor Oyi 2025-yil 12-fevralda boʻlgan boʻlsa, keyingisi 2027-yilning 21-fevralida sodir boʻladi. Shu kuni Oyning yarimsoyali tutilishini kuzatish mumkin boʻladi.
Bu Oy ham boshqalaridan farq qilmasada, uni havo ochiq boʻlsa kuzatish tavsiya etiladi. Oydagi kraterlar, togʻlar va dengizlar havaskor astronomlar, umuman oddiy odamlarda ham qiziqish uygʻotishi tabiiy.

Oyning 2026-yil fevral oyida Shimoliy va Janubiy yarim sharlarda kunma-kun koʻrinishi.
Sherdonov Chori, Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi