FA Botanika instituti Geobotanika laboratoriyasi ilmiy xodimlari tomonidan Navoiy va Buxoro viloyatlarining cho‘l hududlarida “Raqamli tabiat” davlat dasturi muhim dala tadqiqotlari amalga oshirildi.
Ma’lumotlar, Qizilqum cho‘li hududida tarqalgan yaylovlar holatini o‘rganish, ularning fitosenotik tarkibi, boniteti, biologik resurslari va degradatsiya darajasini aniqlash, shuningdek, raqamli yaylovlar kadastrini, xaritasini yaratish maqsadida to‘plandi.
2025-yilgi tadqiqot rejasiga binoan, Navoiy, Buxoro viloyatlari choʻl hududlari tarqalgan saksovulzor, shuvoqzor, quyrovuqzor, juzgʻunzor, tereskenzor, efemerzor yaylovlari holati boʻyicha Kuljuktau, Shuruq, Chengeldi, Karakatta, Balakarak, Nurmaxan, Ayakkuduk, Ayakagitma, Ayakgujumdi hududlariga belgilangan aniq marshrut asosida dala tadqiqotlari olib borildi.
Ekspeditsiya davomida yaylovlarning fitosenotik tarkibi aniqlandi, Yaylovlarning yozgi yer ustki hosildorligini aniqlash uchun dala ma’lumotlari yigʻildi. Tadqiqot hududlaridagi yaylov xillarini xaritalash uchun tabiiy chegaralari koordinatalari belgilandi. Yaylov xillarining joylashgan joyi, ularning maydoni, bonitet toifasi, suv bilan ta'minlangani, tuproq qatlami xususiyati, loyiha boʻyicha qoplanish darajalari, oʻsimliklarning landshaft turlari, ularning joylashuvi, zichligi, zaharli va begona oʻsimliklarning mavjudligi, ozuqa massasining hosildorligi, ozuqalarning yalpi zaxirasi, ozuqalarning oziq boʻladigan qiymati, tavsiya etiladigan mavsumiy foydalanish, amalda mavsumiy foydalanish, yaylovlarning payhonlanish darajasi, degradatsiyasi, har bir yaylov xili boʻyicha oʻsimliklar turlarining moʻlligi koʻrsatilgan roʻyxati kabi birlamchi kadastr ma’lumotlari toʻplandi.
Fitosenozlarda terofit, neofit va invaziv turlar nisbatini, gemoroblik darajalarini hamda fitosenozlarda indikator turlar tolerantligi aniqlandi. Tadqiqot hududlaridagi antropogen ta’siri ostidagi oʻsimlik jamoalari tahlil qilindi.
Tadqiqotlar davomida xalq tabobatida va farmatsevtikada muhim bo‘lgan istiqbolli xom-ashyobop o‘simliklar (Ziziphora tenuior, Alhagi pseudalhagi Anabasis salsa, Peganum harmala) ning tabiiy zahiralari ham baholandi. Ularning tarqalish areallari, biologik va eksplutatsion zahiralari xaritaga kiritildi.
Yig‘ilgan dala ma’lumotlari nafaqat ilmiy ahamiyatga ega, balki ular yaylovlarni samarali boshqarish, degradatsiyaga qarshi chora-tadbirlar ishlab chiqish, qurg‘oqchil hududlar resurslaridan barqaror foydalanish hamda xaritalarini ishlab chiqishda uchun muhim asos bo‘ladi.