Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Qishloq xo‘jaligi ekinlari kasalliklariga qarshi kurash uchun biofaol suspenziyasi


O‘zR FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti mikroorganizmlar biotexnologiyasi laboratoriyasi mudiri B.Rasulov va kichik ilmiy xodim M.Pattayevalar tomonidan qishloq xo‘jaligi va issiqxona ekinlarini kasallantiradigan fitopatogen zamburug‘larga qarshi yuqori samarali “Biofungitsid” suspenziyasi ishlab chiqildi.

Ushbu suspenziyaning tarkibi o‘simliklarning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligini oshiruvchi foydali bakteriyalar to‘plami hamda ularning moddalaridan iborat. Uning yordamida tuproqlarda saqlanuvchi va o‘simliklarni zararlovchi zamburug‘lar ko‘payishining oldi olinadi. O‘simliklarning zararlanishi keskin kamayadi.

 

Biofaol suspenziya tarkibidagi bakteriya shtammlari g‘o‘zada fuzarioz vilt chaqiruvchi Fusarium oxysporum f.sp.vasinfectum, Verticillium dahliae va Fusarium solani kabi patogen zamburug‘larning tabiiy kushandasi hisoblanadi. Shuningdek, issiqxona sharoitlarida keng tarqalgan va turli-tuman agroximikatlarga chidamli, pomidor, bodring kabi ekinlarda fuzarioz, ildiz chirish, mevalarning chirishi va fitoftoroz kabi kasalliklarni chaqiruvchi zamburug‘larning rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Suspenziya qo‘llanilishida tuproq tarkibidagi zamburug‘ sporalari rivojlanmaydi yoki keskin kamayadi, o‘simliklarning rivojlanishi keskin kuchayadi. Mazkur usul ekologik toza va arzonligi bilan xorij analoglaridan ustun hisoblanadi.

Hozirda ko‘plab klaster va fermer xo‘jaliklari bilan taklif etilgan biotexnologiyadan foydalanish uchun shartnomalar tuzilmoqda.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!