Fanlar akademiyasi Tarix instituti Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda Qanqa yodgorligini «Ochiq osmon ostidagi muzey»ga tayyorlash bo‘yicha izlanishlarni olib bormoqda. Qanqa arxeologik yodgorligi Turon tarixida muhim o‘rin tutuvchi yirik shahar yodgorligi bo‘lib, ayrim izlanuvchilar tomonidan "Avesto"da tilga olingan Qang‘desh, "Shohnoma"da tilga olingan Turon shohi Alp Er To‘nga shahri Qang‘dez nomlari bilan ham tenglashtiriladi.
Institutning «Harbiy tarix markazi» va «Qadimgi dunyo tarixi» bo‘limlari xodimlaridan iborat guruh tomonidan olib borilayotgan bu yilgi izlanishlar davomida yodgorlik arki quyi maydonchasida joylashgan 5 — 8-yuz yilliklarga tegishli ibodatxonani o‘rganish jarayonida metalldan ishlangan sovut bo‘laklari topildi.

 .jpg)
Qadimda jamiyat madaniy hayotida muhim o‘rin tutuvchi ibodatxonaga har bir kishining o‘zi tayyorlagan eng yaxshi mahsuloti, buyumini sovg‘a qilish an’anasi bo‘lgan. Jangchi sovuti ham qurolchi usta tomonidan xuddi shu maqsadda ibodatxonaga topshirilgan bo‘lishi mumkin. Keksa Turonda bu kabi an’analar ko‘p uchraydi. Misol o‘laroq, Boykend ibodatxonasi qazuv ishlari davomida topilgan harbiy anjomlarni ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin.
Qanqa ibodatxonasida bu kabi harbiy anjomlarning saqlanishi ayniqsa muhim o‘rin tutadi. Zero Qanqa ibodatxonasi tarixi turkiy xalqlarning harbiylikka yo‘g‘rilgan turmushi bilan chambarchas bog‘langan. 2021-yili boshlangan qazuv ishlari davomida ibodatxonaga kirish qismida ot anjomlari topilgan bo‘lsa, bu yil topilgan sovut turkiy xalqlarning harbiy sohaga kuchli e’tibor berganlarini yana bir bor tasdiqlaydi.