Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Parkentdan XVI asrning oxiri – XVII asrning boshlariga oid xazina topildi


Toshkent viloyati, Parkent tumani, “Xoʼja” mahallasi, Hunarmand koʼchasi 47-uyda yashovchi Nasiba Begmatova 2022-yilning 16-sentyabr kuni oʼz uyining hovlisida oʼra qazdirayotganda koʼkarib zanglab ketgan mis tangalar xazinasi topildi va bu haqida mutaxassislarga xabar bildirishgan.

Xabarga binoan Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi Dilmurod Normurodov va Madaniy meros agentligi bosh arxeologi, Аrxeologik tadqiqotlarni muvafiqlashtirish va arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish boshqarmasi boshligʼi Аlisher Yarqulovlar hamda tangalar mahalla raisi, mahalla proflaktika noziri, uy egalari va arxeolog guvohligida sanoqdan oʼtkazilib ularning soni 939 ta ekanligi aniqlandi. Ular oʼrganish va davlatga topshirish uchun olindi.

 

Mis tangalar topilgan joyning o'zida koʼzdan kechirilib, ularning diametri 115 santimetr boʼlgan oʼraning yer sathidan 40-50 santimetr chuqurligida, bir joyda toʼplangan holda topilganligi, tangalar topilgan joydagi tuproq orasidan oʼlchami 25x25x5 santimetr boʼlgan pishiq gʼisht boʼlagi, moviy rangda sirlangan va sirsiz idishlarning mayda parchalari saqlanganligi aniqlandi.

Tangalarni dastlabki oʼrganish uzoq vaqtlar davomida yer ostida, nam tuproqqa qorishib chiriganligi sababli ularning har ikkala tomonining yuzalari tekislanib ketganligini koʼrsatdi. Tangalarning ayrimlariga ishlov berilib, tozalanishi ularda doira shakldagi halqa va uning ichiga arab harflaridagi yozuv bitilganligi maʼlum boʼldi. Tangalarga zarb sayoz urilganligi ham ulardagi yozuvlar yaxshi koʼrinmasligiga sabab boʼldi. Tozalangan tangalardan ayrimlarining bir tomonida “zarb Toshkent ( )” yozuvigina oʼqildi. Ikkinchi tomonini oʼqishning imkoni boʼlmadi. Аmmo, avvallari aniqlangan, aynan ularga oʼxshash tangalar bilan qiyosiy tahlil yangi topilgan xazinaning XVI asr oxiri – XVII asr boshlariga tegishli ekanligini koʼrsatdi. Ular topilgan joydan aniqlangan ashyoviy dalillar - 25x25x5 santimetr hajmdagi pishgan gʼishtlar, moviy rangdagi sirlangan va sirsiz sopol idish siniqlari ham yuqorida koʼrsatilgan davrda ishlab chiqarilgan.

Oʼylaymizki, keyingi oʼrganishlarda tangalardagi yozuvlar toʼliq oʼqilib, tanganing zarb qilingan joyi va vaqti aniqlanadi. Mazkur tangalar kelajakda Oʼzbekiston muzeylari koʼrgazmalaridan munosib joy oladi va ularni ilmiy oʼrganish tariximizning ayrim jihatlarini toʼldirishga xizmat qiladi. Shu sababli bu xazinani topganlarga, uy egalariga va xabardor qilganlarga cheksiz minnatdorlik bildiramiz.

 

 

Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi,

Temuriylar tarixi davlat muzeyi

katta ilmiy xodimi Dilmurod Normurodov.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!