Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

O'zbekistondagi “Kompleks birikmalar kimyosi“ ilmiy maktabi asoschisi


Parpiyev Nusrat Agzamovich 1931-yil 14-oktyabrida Toshkent shahrida tug'ilgan. 1953-yilda O'rta Osiyo davlat universitetini, 1956-yilda Moskva davlat universiteti aspiranturasini tamomladi.

Bo'lg'usi olim o'z mehnat faoliyatini Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim sifatida boshladi. 1958-yilda nomzodlik, 1974-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995-yilda O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy a'zosi etib saylandi.

Iste'dodli olim o'zining qariyb 70 yillik ilmiy va tashkilotchilik faoliyati davomida Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim, Kimyo instituti kichik, katta ilmiy xodimi, laboratoriya mudiri, direktor o'rinbosari, O'rta Osiyo neftni qayta ishlash sanoati ilmiy-tekshirish instituti direktori, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti rektori, Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori, Toshkent davlat universiteti prorektori, O'zbekiston Milliy universiteti kafedra mudiri va professori kabi mas'uliyatli lavozimlarda samarali mehnat qildi va yurtimizda noorganik kimyo sohasidagi dolzarb masalalarni tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo'shdi.

Akademik N.Parpiyev tomonidan rangli va nodir metallarning tarkibida azot, kislorod va oltingugurt bo'lgan organik moddalar bilan kompleks birikmalar hosil qilishning ilmiy asoslari o'rganilgan, metallar va ular birikmalarini o'ta sof holda ajratib olish usullari, molibden, reniy, volьfram va simobni aniqlash hamda sof molibden olishning termik usuli ishlab chiqilgan. Gidrazonlar, gidroksam kislotalari hosilalari asosida 200 dan ortiq yangi koordinatsion birikmalar sintez qilingan. Ilk bor palladiy va kobalt birikmalarining shishga qarshi faol ta'sir etishi aniklangan.

Talabchan va jonkuyar ustoz sifatida ko'plab yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq bergan olimning bevosita rahbarligida 50 dan ortiq fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.

Olimning kompleks  birikmalar kimyosi yo'nalishiga bag'ishlangan 750 dan ziyod ilmiy maqolalari, 7 ta monografiya, 22 ta mualliflik guvohnomasi va 3 ta patent yurtimiz va xorijiy mamlakatlar olimlari va mutaxassislariga yaxshi ma'lum.

Yirik olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Nusrat Parpiyevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!