O’zbekiston Bojxona qo’mitasining Respublika kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish markazida tashkil etilgan “Noqonuniy xalqaro savdo ob'ekti bo'lgan yovvoyi hayvonlarni aniqlash. Ularni bartaraf etishning qonuniy asoslari” mavzusiga bag’ishlangan ikki kunlik seminar bo’lib o’tmoqda. Kecha boshlangan seminar “Markaziy Osiyoda yovvoyi tabiatdagi jinoyatlarga qarshi kurashish salohiyatini oshirish va ularga ko‘maklashish” xalqaro loyihasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ko‘plab tadbirlarning biri hisoblanadi. Ushbu loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlari tomonidan CITЕS konventsiyasi bo‘yicha qabul qilingan me’yor va majburiyatlarni amalga oshirishga ko‘maklashishga qaratilgan.
Loyiha “Fauna & Flora International” xalqaro ekologik tashkiloti, Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti va “Ekomaktab” ekologik resurs markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.