Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

O‘zbekiston Zoologiya institutiga Klarc R. Bavin mukofoti topshirildi


Odatda Afrika qo‘riqxonalari yoki Janubi-Sharqiy Osiyoning tropik o‘rmonlari bilan bog‘lanadigan yovvoyi hayotni muhofaza qilish bo‘yicha eng nufuzli e’tiroflardan biri — Klarc R. Bavin nomidagi Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha mukofot kutilmaganda Markaziy Osiyoga yo‘l oldi.

1994–2024 yillar davomida dunyoning 30 dan ortiq mamlakati vakillari mukofot bilan taqdirlangan; har bir CoP yig‘ilishida o‘rtacha 8–15 nafar shaxs yoki tashkilot mukofotni oladi. Shu kungacha 200 dan ortiq laureatlar ushbu e’tirof sohibiga aylangan

Ushbu mukofot Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan CITES CoP20 — Konvensiya ishtirokchi davlatlarining 20-sessiyasi doirasida dunyoning 180 dan ortiq davlat delegatlari qarshisida ilk bor O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutiga topshirildi va bu global tabiat himoyasi maydonida katta rezonans uyg‘otdi. Bu mamlakat va mintaqa uchun global ekologik mukofot bo‘libgina qolmasdan o‘zbek olimlarining ishlari xalqaro hamjamiyatda keng e’tirof etilayotganligi nishonasidir.

 

Jahon ekologik ekspertlari buni “mintaqada yovvoyi tabiatni muhofaza qilish paradigmasi o‘zgarayotganining yaqqol isboti” sifatida talqin qilmoqda.

O‘zR FA Zoologiya instituti so‘nggi yillarda:

  •  yovvoyi hayvonlar bilan bog‘liq noqonuniy savdo zanjirlarini fosh etish;
  •  brakonerlikka qarshi ilmiy-amaliy metodlarni takomillashtirish;
  •  CITES talablari asosida tahliliy monitoring tizimini yaratish bo‘yicha aniq, samarali va xalqaro standartlarga mos ishlari bilan ajralib turdi.

Ma’lumot o‘rnida: Mukofot 1994-yilda Hayvonlarni asrash instituti (Animal Welfare Institute) va Turlarni saqlash bo‘yicha xalqaro tarmoq (Species Survival Network, SSN) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, AQSh Fish and Wildlife Service xodimi, yovvoyi hayotni muhofaza qilishning ilg‘or metodlari muallifi Klarc R. Bavin sharafiga nomlangan. U o‘z vaqtida brakonerlik va noqonuniy savdoga qarshi kurashda qo‘llagan “sting” — yashirin tekshiruv va operativ kuzatuv amaliyotlari bilan tanilgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!