Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

O‘zbekiston va Xitoy seleksiya sohasida yangi ilmiy markaz tashkil etiladi


Fanlar akademiyasida Xitoyning Henan metrologiya, sertifikatlashtirish, tekshiruv va sinov ishlari assotsiatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, o‘simliklar seleksiyasi yo‘nalishida yangi xalqaro ilmiy markaz tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shu kunga qadar mazkur hamkorlik doirasida O‘zbekiston–Xitoy ilmiy hamkorligini rivojlantirish maqsadida Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida bir qator ishchi uchrashuvlar va dala ko‘riklari tashkil etildi. Ularda ikki davlat olimlari ilmiy yo‘nalishlar, mavjud sharoit va imkoniyatlar, kelajakdagi hamkorlik qanday yo‘lga qo‘yilishi masalalarini muhokama qildilar. Ushbu uchrashuvlar natijasida O‘zbekiston–Xitoy o‘simliklar seleksiyasi bo‘yicha innovatsion xalqaro markaz tashkil etish bo‘yicha aniq va puxta reja ishlab chiqildi.

Yangi markazda seleksiya bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish va namoyish etish, mahsulot sifatini nazorat qilish hamda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan. Loyiha qo‘shma korxona shaklida amalga oshiriladi. 

Fanlar akademiyasi huzurida tashkil etilishi rejalashtirilgan innovatsion xalqaro ilmiy markaz ikki davlat ilmiy salohiyatini birlashtirib, o‘simliklar seleksiyasi, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va mahsulot sifati nazoratini rivojlantirishga xizmat qiladi. Ushbu loyiha ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ilg‘or ishlanmalarni joriy etish hamda qishloq xo‘jaligi sohasida barqaror rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!