Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

O‘zbekiston tarixi: yutuqlar, muammolar va istiqbolli rejalar


Joriy yilning 18-mart kuni O‘zR FA Tarix instituti hamda O‘zR FA O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi metodik markazi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumani shunday nomlandi. Anjumanda shu sohaning yetuk olimlari, yosh tadqiqotchilar va jurnalistlar ishtirok etdi.

Bugungi kunda Davlat rahbari tomonidan tarixiy xotira va tarix fanini rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda. 2018-yil 28-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Vatanimizning qadimiy va boy tarixini o‘rganish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish” zarurligi ta’kidlandi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning O‘zbekiston tarixini o‘rganish ishlarini samarali tashkil etish yuzasidan “Yo‘l xaritasi” bo‘yicha faoliyat tashkil etilmoqda.

Hozirda Fanlar akademiyasi tizimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qaroriga muvofiq tashkil etilgan O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi (2017-yil 30-iyundagi PQ–3105-son) faoliyat olib bormoqda. Jamoatchilik kengashi a’zolari, Tarix instituti hamda O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz tomonidan so‘nggi ikki yil davomida qator mualliflik va jamoaviy monografiyalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar chop etildi. “O‘zbekiston tarixi”, “O‘zbekiston eng yangi tarixining dolzarb masalalari” jurnallari chop etiladi.

O‘quv adabiyotlari orasida fanlararo yondashuv asosida yaratilgan «Новейшая история Узбекистана» darsligini alohida qayd etish zarur. MDH mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib, u eng yangi tarix bo‘yicha yozilgan darslik hisoblanadi. Ishlash jarayonida o‘quv adabiyotlarini yaratishning dunyo tajribasi o‘rganildi. O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz tomonidan tayyorlangan “Arxivshunoslik” darsligi, “Muzeyshunoslik” o‘quv qo‘llanmasining ahamiyati mustaqillik yillarida aynan tarix yo‘nalishi bo‘yicha bu borada maxsus darslik, o‘quv qo‘llanma yaratilmaganligi bilan belgilanadi. Mazkur adabiyotlar tayyorlanishida turli OTMdagi o‘qituvchilar, ITMdagi olimlar va bevosita amaliyotda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar muallif sifatida jalb qilinganligi bilan ham e’tiborlidir.

Anjuman yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javoblar olishdi. Matbuot anjumani ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

  

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!