Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“O‘zbekiston tarixi (1917–1991 yillar)” kitobi chop etildi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida “milliy o‘zligimizni anglash, Vatanimizning qadimiy va boy tarixini o‘rganish, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish”, “O‘tmishga berilgan baho albatta xolisona, eng muhimi, turli mafkuraviy qarashlardan xoli bo‘lishi zarur”ligi ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning O‘zbekiston tarixini o‘rganish ishlarini samarali tashkil etish yuzasidan bergan topshiriqlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” bo‘yicha faoliyat tashkil etilmoqda.

“Yo‘l xaritasi”ning ustuvor yo‘nalishlaridan biri “O‘zbekiston tarixi” bo‘yicha ilmiy-ommabop asarlarni yaratishga oid tadbirlar hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashi a’zolari, Fanlar akademiyasining Tarix instituti, O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz hamda oliy ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan yetakchi olimlar tomonidan ikki kitobdan iborat “O‘zbekiston tarixi (1917–1991 yillar)” fundamental tadqiqoti chop etildi. Mazkur fundamental kitob mualliflar jamoasining uzoq muddatli izlanishlari natijasi bo‘lib, unda katta hajmdagi tarixiy materiallar ilk bor ilmiy muomalaga kiritildi.

Ma’lumki, O‘zbekistonning sovet davri tarixini anglashning yangi paradigmalarini o‘zlashtirish juda murakkab kechdi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyingi o‘tgan chorak asr davomida yaratilgan tarixiy asarlarning katta qismida davrning murakkab jarayonlarini to‘g‘ri anglashda, ziddiyatli, ba’zan qarama-qarshi yo‘nalishlarni baholashda xolis bo‘lishga qaratildi.

Bu tadqiqotning sovet davrida nashr etilgan shunday asarlardan asosiy farqli jihati shundaki, mualliflar jamoasi O‘zbekistonning kommunistik tuzum davri voqealariga baho berishda har qanday mafkuraviy g‘oyalardan holi ravishda sof ilmiy asosda yondashishga harakat qilishgan. Qolaversa, davrning murakkab voqealarini chetlab o‘tmaslikka, ularni faqat tarixiy faktlarga asoslangan holda bayon qilishga alohida ahamiyat berildi. Voqealarni baholashda fikrlar xilma-xilligi va sof ilmiy­ prinsiplarga tayanish, tarix fanining zamonaviy yutuqlaridan foydalanishga ham harakat qilindi.

Birinchi kitob 1917–1939 yillar voqealariga bag‘ishlangan. Bu davrning asosiy xususiyati shundaki, hokimiyatga kelgan bolsheviklar insoniyat tarixida miqyosi bo‘yi­cha eng keng, natijalari bo‘yicha eng bahsli eksperimentni amalga oshirdi. O‘zbekistonda ham ular tomonidan o‘tkazilgan islohotlar natijasida yangi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga asoslangan jamiyat shakllandi. Inson resurslarini shafqatsiz ekspluatatsiya qilgan bu totalitar rejim respubli­kamizda yangi iqtisodni, madaniy taraqqiyotning nisbatan ilg‘or shaklini barpo qildi. Ayni paytda, bu davr o‘zbek xalqi uchun katta yo‘qotishlar davri ham bo‘ldi. Millatimizni ilg‘or ziyoli qatlamining ko‘plab vakillari, tadbir­kor va dehqonlarning bir qismi qatag‘on qilindi. Kitobda bu murakkab jarayonlarning barchasi o‘z aksini topgan.

Ikkinchi kitob 1939–1991 yillar voqealarini o‘z ichiga oladi. Bu davrning eng yirik va fojiali voqealari avvalo, Ikkinchi jahon urushi bilan bog‘liq bo‘lib, ularni yoritishda respublikamiz va Rossiya arxivlarida saq­lanayotgan noyob materiallardan foydalanildi hamda ularning ko‘pchiligi ilk bor ilmiy muomalaga kiritildi. Kitobdan qatag‘onning yangi to‘lqini, sovet siyosiy rejimining nisbatan liberallashuvi davri, O‘zbekiston tarixining murakkab davri bo‘lgan 1964–1983 yillardagi (Bir tomondan, shu yillari respublikamizda juda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, aholining turmush farovonligi yuksaldi. Boshqa tomondan, paxta yakkahokimligi kuchayib, 1980-yillari boshlangan «paxta ishi» sovet rejali iqtisodiyoti va umuman sovet tuzumining inqirozini yaqqol aks ettirdi) jarayonlar yoritilgan. 1985 yili boshlangan qayta qurish siyosati kutilgan natijalarni bermadi. Shu davrda O‘zbekiston mustaqillik sari dadil qadamlar tashladi va o‘z mustaqilligini e’lon qildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining O‘zbekiston tarkibidagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlari va madaniy hayoti alohida bobda yoritilgan.

Ikkinchi kitobning yakunida keltirilgan bibliografik ro‘yxat keng qamrovli bo‘lib, unga: e’lon qilingan hujjat va materiallar to‘plami hamda s’ezd, konferensiya va plenumlarning rezolyusiya va qarorlari, stenografik hisobotlari; statistik va demografik nashrlar; arxiv hujjatlari; davriy matbuot materiallari; siyosat va davlat arboblarining asarlari; xotira va esdaliklar; sovet hokimiyati yillarida chop etilgan ilmiy adabiyotlar; xorijiy adabiyotlar (ingliz, turk, nemis, fransuz, italyan va boshqa tillarda); mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida nashr etilgan ilmiy adabiyotlar; MDH davlatlarida nashr qilingan tarixiy adabiyotlar; turli ma’lumotnoma, solnoma, lug‘at va qomuslar; dissertatsiya va avtore­feratlar; internet saytlaridan iborat juda katta hajmdagi adabiyotlar va materiallar haqida ma’lumotlar kiritilgan.

O‘zbekistonning sovet davri tarixi turli mafkuraviy qarashlardan xoli, tarixiylik va xolislik tamoyillari asosida tadqiq etilgan mazkur kitobdan olimlar o‘zining ilmiy faoliyatida, shuningdek, o‘quv adabiyotlarini yaratishda, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib etishda foydalanish mumkin.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!