Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limida 2021-yil fevral oyida Rossiyaning “Uransvetmetgeologorazvedka” Boshqaruv kon-ma'dan kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati rahbariyati bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Kompaniya vakillari yana Bo‘limga tashrif buyurdi va Qo‘shma korxona tashkil etish va birgalikda ilmiy faoliyatni amalga oshirish to‘g‘risida hamkorlik bitimi imzolandi.
Ushbu hamkorlik bitimiga ko‘ra, tomonlar birgalikda burg‘ulash, geologiya-qidiruv ishlari hamda foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash bozorida tijoratlashtirish yuzasidan muvaffaqiyatli loyihalarni va qattiq foydali qazilmalar sohasida muhandislik-qidiruv ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bitimda qo‘shma korxonaning dastlabki ustav fondi belgilangan. Bundan tashqari, Rossiya tomoni o‘z ulushiga investisiya shaklida aktivlar, Bo‘lim esa o‘zining ilmiy innovasion ishlanmalari hamda O‘zbekiston hududida konlarni qidirish va foydali qazilmalarni qazib olish uchun olinadigan lisenziyalarni kiritadi.
Tashrif chog‘ida Rossiya mutaxassislari dolomit, bentonit gillari va kvars qumlari kabi noma'dan foydali qazilmalarning sanoat zaxiralari mavjud bo‘lgan "Vaush" koniga, Bo‘lim raisi A.Mirzayev kashfiyotchisi bo‘lgan “Navbahor” hamda “Azkamar” MChJ tomonidan qazib olinadigan “Azkamar” bentonit gillari konlariga bordilar. Mehmonlar keng qamrovli tadqiqotlar uchun namunalar tanladilar. Ularning ijobiy natijalari kelajakda potensial rossiyalik iste'molchilarga mazkur no'madan foydali qazilmalarni yetkazib berishga yo‘l ochadi.