Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasi Moskva shahridagi Rossiya fundamental tadqiqotlar jamg‘armasi kengashi raisi, Kurchatov instituti Milliy tadqiqotlar markazi vitse-prezidenti, akademik Vladislav Panchenko va jamg‘arma rahbariyati bilan uchrashdi. Delegatsiya tarkibida O’zR FA Mikrobiologiya instituti hamda Genomika va bioinformatika markazi vakillari ham ishtirok etmoqda. Uchrashuvda “O‘zbekiston-Rossiya” xalqaro qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovi doirasida hamkorlikda fundamental tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Kurchatov instituti Milliy tadqiqotlar markazi vitse-prezidenti, akademik Vladislav Panchenko bilan genetika, genomika, mikrobiologiya hamda yadro tibbiyot sohasida ilmiy tadqiqotlarni hamkorlikda amalga oshirish, ushbu sohalarga oid ilg‘or tajriba va yangi texnologiyalarni respublikamizda vinochilikni rivojlantirish, lazer texnologiyalari va yadroviy tibbiyotni rivojlantirishga joriy etishning amaliy mexanizmlari muhokama etildi va hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.