Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti -oʻzbek tili, adabiyoti va folklorining tarixi, hozirgi holati, boshqa xalqlar tillari va adabiyotlari bilan aloqalarini oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy muassasa. 1934-yil yanvarda Madaniy qurilish ilmiy tadqiqotlar institutining (1931-33) filiali boʻlimlari asosida tashkil topgan. 1937-yil rus shoiri A.S.Pushkin nomi berilgan. 1939-yilda Til, adabiyot va tarix instituti tarzida qayta tashkil etilgan. 1940-yildan SSSR Fanlar Akademiyasi Oʻzbekiston filiali, 1943-yildan Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi tarkibidagi institut. Institut negizida 1943-yilda Tarix instituti, 1967-yilda Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi, 1968-yilda Oʻzbek sovet ensiklopediya Bosh tahririyati tashkil topdi. 1991-yilda institut 2 mustaqil institutga — Adabiyot va Tilshunoslik institutlariga ajraldi. 1991-yilda Adabiyot institutiga Alisher Navoiy nomi berildi. 1998-yilda bu institutlar birlashtirilib, hozirgi nomidagi institut tashkil topdi. Institutga turli yillarda O.Hoshimov (1934-37), I.Ahmedov (1937), F.Kamolov (1938), S. Husainov (1938-40), M. Yoʻldoshev (1940), V. Zohidov (1941), Amir Najib (1942-44), H.Zarifov (194448), I.Sultonov (194850), Oybek (1950), Y.Sultonov (195152), V.Reshetov (1953-55), S.Qosimov (1955-58), A.Qayumov (1958-61), H.Qurbonova (1962-64), Q.Xonazarov (196471), Sh.Shoabduraxmonov (1971 74), M.Nurmuhamedov (1974-75), M.Qoʻshjonov (1975-86), B.Nazarov (1986-90), T.Mirzayev (1998-yildan) rahbarlik qiddilar. Institut faoliyati Fitrat, Elbek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Uygʻun, Gʻozi Olim, Olim Sharafiddinov, H.Zarifov, M.Afzalov, Izzat Sulton, M.Alaviya, 3. Husainova, Faxri Kamol, Qayum Ramazon, Olim Usmon, Z.Maʼrufov, S.Ibrohimov, F. Abdullayev, Gʻ. Karimov, J. Sharipov, V.M. Jirmunskiy, Y.E.Bertels, A.N.Kononov, Y.D.Polivanov, K.K.Yudaxin, A.K.Borovkov, V.V.Reshetov, P.Shamsiyev, Xolid Rasul, H.Sulaymonov, H.Yoqubov, Gʻ.Abdurahmonov, A.Hojiyev, N.Karimov, B. Nazarov, E.Begmatov, E.Fozilov, P.Qodirov, A.Hayitmetov, A.Abdugʻafurov, C.Faniyeva, M. Qoʻshjonov, U.Toʻychiyev, S Akobirov, N.Mamatov kabi atoqli yozuvchi va olimlar faoliyati bilan bogʻliq; Institut tarkibida 10 ta boʻlim bor: folklor, mumtoz adabiyot tarixi, 20-asr adabiyoti, hozirgi adabiy jarayon, adabiyot nazariyasi, adabiy aloqalar va tarjima nazariyasi, hozirgi oʻzbek tili, oʻzbek tili tarixi va dialektologiyasi, terminologiya, leksikologiya va leksikografiya.
Institutda 20 dan ortiq fan doktori, 40 ga yaqin fan nomzodi bor.
Institut olimlari bir necha avlodining ilmiy ijodiy faoliyati tufayli Oʻzbekistonda asoslari maʼrifatparvarlik va jadidchilik mafkurasiga borib taqaladigan yangi adabiyotshunoslik, folklorshunoslik va tilshunoslik yuzaga keldi. Oʻzbek tili tarixi, fonetikasi, leksikasi, grammatikasi, stilistikasi va terminologiyasi masalalari har tomonlama tadqiq etildi, turli davrlarda oʻnlab leksikologik va terminologik lug’atlar yaratildi. Bular orasida „Oʻzbek dialektologiyasi“, 2 jildli „Oʻzbek tili grammatikasi“, „Oʻzbek tilining tarixiy grammatikasi“, 3 jildli „Oʻzbek adabiy tili taraqqiyoti“, „XIII-XIV asrlar turkiy adabiy yodgorliklari tili“, 1 va koʻp jildli o’zbekcha -ruscha va ruscha-oʻzbekcha lugʻatlar, 2 jildli „Oʻzbek tilining izohli lugʻati“, 1 va 4 jildli „Navoiy asarlari lugʻati“, „Oʻzbek xalq shevalari lugati“, „Oʻzbek tilining imlo lugʻati“ kabi asarlar bor.
Adabiyot va folklor merosini toʻplash, nashr etish, oʻrganish, hozirgi adabiy jarayon, adabiyot nazariyasi va adabiy aloqalarni tadqiq etish sohalarida ham jiddiy yutuqarga erishildi.
5 va 2 jildli „Oʻzbek adabiyoti tarixi“, 2 jildli „Adabiyot nazariyasi“, 3 jildli „Bolalar adabiyoti tarixi“ 3 jildli „Oʻzbekistonda tarjima tarixi“, 7 jildli „Oʻzbek xalq, ijodi boʻyicha tadqiqotlar“ turkumi, 3 jildli „Oʻzbek folklori ocherklari“ kabi kitoblar nashr etildi. Alisher Navoiy, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Hamza, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon kabi shoir va yozuvchilar asarlarining koʻp jildli akademik nashrlari tayyorlandi. 2 jildli „Oʻzbek maqollari“, 37 jildli „Oʻzbek xalq ijodi“ namunalari chop etildi.
Istiqlol sharofati bilan oʻzbek adabiyoti, folklori va tilini oʻrganish tom maʼnoda yangilandi. Avvalo, oʻzbek adabiyotining shoʻro davrida oʻrganilmagan, chala yoxud notoʻgʻri talqin qilingan qirralarini tadqiq etishga kirishildi. Jumladan, tasavvuf adabiyotining Yassaviy, Boqirgʻoniy, Mashrab, Huvaydo, Soʻfi Olloyor singari yetakchi namoyandalari ijodi har tomonlama tadqiq etildi. Husayn Boyqaro, Ubaydiy, Feruz, Umarxon singari hukmdor ijodkorlar hayoti va ijodini oʻrganishga kirishildi.
Institutda oʻzbek xalqining ming yillik ogʻzaki ijodi namunalarining toʻla va mukammal nashrlarini tayyorlash boʻyicha tadqiqotlar olib borildi. Jumladan, „Alpomish“ dostoni yaratilganining 1000-yilligi munosabati bilan dostonning akademik nashri birinchi marta toʻla holda amalga oshirildi. Institutda oʻzbek folklori va adabiyotining eng qadimgi davrlardan bugungi kungacha boʻlgan taraqqiyotini koʻrsatuvchi 12 jildli tarixini yaratishga kirishildi.
Mustaqillik yillarida institutning xalqaro aloqalari kengaydi. „Alpomish“ dostoni Germaniya va Turkiyada nashr qilindi, institut olimlari tadqiqotlari Xitoy, Germaniya, Rossiya va Turkiyadagi nufuzli jurnali va toʻplamlarda chop etilmoqda, shuningdek, AQSH, Yaponiya, Koreya, Turkiya mamlakatlari fuqarolari institutda ilmiy ish olib bormoqda.
Institutda doktarantura taʼlimi yoʻlga qoʻyilgan. Institut huzurida doktorlik dissertatsiyalari himoyasi boʻyicha 2 ixtisoslashtirilgan kengash faoliyat koʻrsatmoqda. Institutda 1958-yildan „Oʻzbek tili va adabiyoti“ jurnali nashr etiladi.