2024-yilning 16-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida Fanlar akademiyasining prezidentini saylashga bag‘ishlangan Umumiy majlis bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Fanlar akademiyasi akademiklari, direktorlar kengashi a’zolari ishtirok etdilar. Umumiy majlis ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Majlisda so‘zga chiqqan akademiklar Sa’dulla Bahramov, Soyibjon Negmatov, Mashhura Mavloniy, Ahmadali Asqarov, Qodir G‘ulomov, Shomansur Sagdullayev, professor Jannat Ismoilova O‘zbekiston rahbariyati va hukumati tomonidan mamlakatimiz ilm-fani rivojiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta‘kidlash barobarida Akademiya, o‘zbek ilm- fani oldida turgan bir qator dolzarb masalalarni xususida fikr bildirishdi.
Shuningdek, ular O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentligiga saylash uchun akademik Sh.A.Ayupovning nomzodini qo‘llab-quvvatlashdi.
Akademik Ayupov Shavkat Abdullayevichni Umumiy yig‘ilish a’zolari bir ovozdan Fanlar akademiyasining prezidenti etib sayladi. Majlisda ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevga murojaat qabul qilindi.
Shavkat Ayupov (1952- yilda tug‘ilgan) – fizika-matematika fanlari doktori. Fanlar akademiyasi Matematika instituti direktori sifatida uzoq yillardan buyon mamlakatimiz ilm-faniga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqda. Oliy Majlis Senati a‘zosi. Mamlakatimizning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash, xalqaro nufuzini oshirish, Vatan ravnaqi va xalq farovonligini taʼminlashdagi ulkan xizmatlari, jadal va fundamental taraqqiyot jarayonida tashabbuskorligi uchun Yangi Oʻzbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, davlat va xalq farovonligi yoʻlidagi fidokorona mehnati, ishlab chiqarish va ijtimoiy-maʼnaviy sohalardagi koʻp yillik samarali va ibratli faoliyati, yoshlarimizni maʼnaviyatda tarbiyalashga qoʻshgan ulkan hissasi, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, mamlakatning ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishdagi ulkan xizmatlari uchun 2021-yilda O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.