Hozirgi kunda O‘zbekiston o‘simliklar olamini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. Bu borada o‘zbek olimlari tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Har qanday tabiiy boyliklar kabi mamlakat hududida mavjud bo‘lgan o‘simlik turlarining tarkibi, tarqalishi va holati bo‘yicha aniq ilmiy ma’lumotlar katta ahamiyatga ega. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlarining olib borgan izlanishlari natijasida O‘zbekiston florasininng zamonaviy tarkibi 4374 turdan iborat ekanligi ma’lum bo‘ldi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston florasi uchun endem bo‘lgan turlarning ro‘yxati shakllantirildi. Bu turlar umumiy O‘zbekiston florasining 10% dan ortig‘iga to‘g‘ri keladi. 2005 yillardan boshlab Botanika instituti Markaziy gerbariy xodimlari tomonidan O‘zbekiston florasidan 30 dan ortiq fan uchun yangi turlar va hatto monotip endem turkum topilgan (KuramosciadiumPimenov, Kljuykov & Tojibayev,2011). So‘nggi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ularning 90% dan ortiqrog‘i faqatgina O‘zbekiston hududi uchraydi. Yurtimizda fan uchun kiritilgan yovvoyi piyoz turlari: Allium L. (A. aktauense F. O. Khass. & Esankulov, A. chorkessaricum F. O. Khass. & Tojibayev, A. levichevii F. O. Khass. & N. Sulejm., A. decoratum Turginov & Tojibayev, A.michaelisF. O. Khass. & Tojibayev, A. nikolai F. O. Khass. & Achilova, A. ravenii F.O. Khass., Shomurodov & Kadyrov, A. rinae F. O. Khass., Shomuradov & Tojibayev, A. sharobitdinii F. O. Khass. & Tojibayev (1-rasm), A. tatyanae F.O. Khass. & F. Karim., A. autumniflorum F.O. Khass. & Akhani, A. jocharchii F.O. Khass. & Memariani, A. tuchalense F.O. Khass. & Nauroosi, oxirgi uch tur eronlik botanik olimlar bilan hamkorlikda topilgan.
1-rasm. Allium sharobitdinii F. O. Khass. & Tojibaev
Farg‘ona vodiysi va Surxondayo viloyatida olib borilgan dala tadqiqotlari natijasida Gulsafsardoshlar oilasidan 5 tur fanga kiritildi. Gulsafsar turkumidan: Farg‘ona vodiysidan, Janubiy Chotqol gulsafsari- Iris austrochatkalica Tojibayev, Turgunov & Karimov, Surxondayo viloyatining Boysun tog‘idan, Xasanov gulsafsari Iris khassanovii Tojibayev & Turginov (2-rasm), Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidan, Pyotr gulsafsari- Iris petri F. O. Khass. & al., Rudol gulsafsari- Iris rudolphii F. O. Khass. & al., Viktor gulsafsari - Iris victoris F.O. Khass. & al.
2-rasm. Iris khassanovii Tojibaev & Turginov
Ikki urug‘pallali o‘simliklardan Astragalus L.ning O‘zbekiston florasida 280 ga yaqin turi qayd etilgan. O‘zbek olimlari olib borgan tadqiqotlari davomida quyidagi yangi turlar fanga kiritildi: (Astragalus adylovii F. O. Khass., Ergashev & Kodyrov, A. kuldzhuktauense F. O. Khass., Shomurodov & Esankulov, A. nabiyevii F.O. Khass. & Esankulov, A. russanovii F.O. Khass., Esankulov & Sarybayeva, A. saidii F.O. Khass. & Esankulov, A. zaaminensis F.O. Khass. & Esankulov). Undan tashqari Kirpio‘tlar turkumidan (Acantholimon Boiss.), A. zakirovii Beshko), Jurinea L. (J. nevskii F.O. Khass., J. tschernevae Turginov & Tojibayev), Plocama W. T. Aiton (P. alshehbazii F. O. Khass. & al.) i Scrophularia L. (S. rudolfii F. O. Khass., Serekeeva & Kadyrov) fan uchun yangi turlar qatoriga kiritildi. So‘ngi yildagi yangilik sifatida Nurota tizmasidan fanga kiritilgan Zokirov kirpio‘ti Acantholimon zakirovii Beshkoni keltirish mumkin (3-rasm).
3-rasm. Acantholimon zakirovii Beshko
Botanika instituti qoshidagi Toshkent Botanika bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan piyoz va boshqa piyozboshli o‘simliklarning kolleksiyasi barpo etilgan. Bu orqali yurtimiz florasidagi ayrim noyob va kamyob o‘simliklar saqlab qolinmoqda.
O‘zbek olimlari tomonidan Allium, Gagea, Tulipa va Iris turkumlarining tahlili bo‘yicha katta ilmiy natijalarga erishildi. Mazkur turkumlarni tahlil qilish natijasida “O‘zbekiston florasi” kitobining yangi nashri chop etildi. Mazkur asarning birinchi jildida Allium turkumi uchun 68 tur keltirilgan bo‘lsa, keyingi yillarda o‘tkazilgan tadqiqotlar davomida turkumning 137 turi aniqlandi. Ularning 53 tasi keyingi 50 yil davomida fanga kiritilgan (Khassanov & al., 2013; Khassanov, Esankulov, 2015; Tojibayev & al., 2014 va boshq.). Xuddi shu kabi holat Gagea, Tulipa va Iris turkumlari bo‘yicha ham kuzatilib, fan uchun yangi bir qator turlar topildi (4-5-rasm) (Khassanov & al., 2013; Khassanov, 2014, Tojibayev i dr., 2014,Tojibayev & al., 2014, Tojibayev & al., 2014).
4-5-rasmlar. Fanga yangi kiritilgan turlar.
O‘rta Osiyodagi mamlakatlar orasida O‘zbekistonda milliy florani tuzish uchun zarur bo‘lgan ilmiy salohiyat va bu uchun zarur tahlil etilgan hamda katta hajmdagi birlamchi ma’lumotlar majmuasi mavjudligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.