Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

O‘zbekiston-Koreya: Materialshunoslik instituti hamda Sanoat texnologiyalari instituti o‘rtasida memorandum imzolandi


O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik institutiga Koreya Sanoat texnologiyalari instituti (KITECH) prezidendi Nak Kyu Lee boshchiligida delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlarni Materialshunoslik instituti direktori O.R.Parpiyev kutib oldi. Ular dastlab Institut faoliyati, bu yerda olib borilayotgan ilmiy ishlanmalar bilan tanishdi.

 

So‘ngra, hamkorlik yo’ nalishlari, ularni kengaytirish va yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tashrif davomida Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti hamda Koreyaning Sanoat texnologiyalari instituti o‘rtasida Anglashuv Memorandumi ham imzolandi.

Unga ko‘ra, tomonlar qo'shma ilmiy-texnik loyihalarni amalga oshirishi, seminarlar, konferensiya va simpoziumlar o‘tkazishi, kadrlar tayyorlashda olimlar almashinuvi nazarda tutilgan. Xususan, yangi va qayta tiklanadigan energiya manbalari, mujassamlashgan Quyosh energiyasidan foydalangan holda o‘ta sof aralashmalarsiz metallar olish, yuqori sifatli payvandlash texnologiyalari, O’zbekiston uchun yangi yo‘nalish hisoblangan karbon tolalarini ishlab chiqish texnologiyasi, xususiyatlari oldindan belgilangan va o‘ta o‘tkazuvchi materiallar olish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilangan.

Shuningdek, hozirgi kunda butun dunyoda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda vodorod energetikasi texnologiyalari va materiallari (nanokatalizatorlar) yo‘nalishlarida ham hamkorlik qilish rejalashtirilgan.

 

Ma’lumot o‘rnida: Koreya Sanoat texnologiyalari instituti (KITECH) Janubiy Koreyaning industrial texnologiyalarini rivojlantirish, mahalliy iqtisodiyotning hamda kichik va o‘rta biznes raqobatbardoshligini oshirish maqsadida 1989-yilda tashkil etilgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!