Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

O‘zbekiston florasida Parrya turkumiga oid fan uchun yangi tur kashf etildi


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti olimlari F.M. Madaminov, N.Yu. Beshko va Karamdoshlar (Brassicaceae) oilasi bо‘yicha taniqli olim, Janubiy Sibir botanika bog‘i yetakchi mutaxasisi D.A. German Parrya R.Br. turkumiga oid fan uchun yangi tur topishdi.

Yangi tur namunalarini ilk bor 2023 yilning 6 mayida D.A. German, F.M.Madaminovlarning Toshkent viloyatida joylashgan Chotqol tizmasi, Chorvoq suvombori atrofidagi yonbag‘irliklarda, 900–1000 metr balandlik oralig‘ida olib borgan ilmiy dala tadqiqotlari davomida topilgan. Fan uchun yangi sifatida topilgan bu turning populyatsiyalari Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i hududiga tо‘g‘ri keladi va Obirahmat tabiat yodgorligi atrofida joylashgan.

Mazkur о‘simlik turi Markaziy Osiyo florasining keng kо‘lamli tadqiq etish, О‘zbekiston florasi bо‘yicha yangi avlod tadqiqotlarini olib borish, kamyob va yо‘qolib borayotgan turlarning muhofazasini ilmiy asosda tashkil etish va shu kabi qator yо‘nalishlarni rivojlanishiga qо‘shgan ulkan hissasini inobatga olgan holda Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik K.Sh. Tojibayev sharafiga Tojibaev parryasi — Parrya tojibaevii D.A.German & Madaminov deb nomlandi.

Tojibaev parryasi tо‘g‘risidagi batafsil ilmiy ma’lumotlar nufuzli Phytotaxa jurnalida nashr etildi (https://doi.org/10.11646/phytotaxa.633.2.5) va The International Plant Names Index (https://www.ipni.org/) xalqaro ma’lumotlar bazasida fan uchun yangi biologik tur sifatida joylashtirildi (https://www.ipni.org/n/77334280-1).

Parrya turkumining shimoli-sharqiy Yevropa, Rossiya, Uzoq Sharq, Markaziy Osiyo va Ximoloy bо‘ylab tarqalgan 41 turi fanga ma’lum. О‘zbekiston turlar xilma-xilligining qaynoq markazlaridan biri hisoblanadi va 18 turi mamlakat sarhadlaridan qayd etilgan. Ularning aksariyat qismi kamyob turlar hisoblanadi. Tojibayev parriyasi mavjud yaqin qardosh turlaridan (Parrya gracillima va Parrya mollissima) gultojisining morfologiyasi, qirmizi rangi, poyada joylashgan barglarining shakli bilan farqlanadi.

Yangi о‘simlik turining biologik va foydalilik xususiyatlari, kimyoviy tarkibi bо‘yicha hozircha ma’lumotlar mavjud emas. Tadqiqotlarning dastlabki natiijalari uning tabiiy tarqalish maydonlari ancha tor ekanligi hamda antropogen ta’sir darajasi yuqori bо‘lgan hududlarda о‘sishini kо‘rsatadi. Hozirda olimlarimiz bu о‘simlik turi populyatsiyalarini saqlab qolish uchun uni О‘zbekiston Qizil kitobining navbatdagi nashriga kiritish ustida tadqiqotlar olib borishmoqda.

О‘zbekiston florasining yangi nashrlarini yaratish borasida Botanika instituti olimlarining xalqaro hamkorlik doirasida olib borgan sermahsul tadqiqotlarining yana bir misoli bо‘lgan yangi о‘simlik turni O‘zbekiston hududining boy flora tarkibi va uning turli mintaqalari hali dunyo miqyosidagi kо‘plab biologik kashfiyotlar maskani ekanligini kо‘rsatadi.

 

Parrya tojibaevii D.A. German & Madaminov A-Umumiy ko‘rinishi, B-Gultojibargining tuzilishi, C-bargining tuzilishi, D-qo‘zoqlarining ko‘rinishi.

 

 

 

Parrya tojibaevii tarqalgan landshaftlar (Chotqol daryosining Chorvoq suv omboriga quyilishi yaqini).


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!