Oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo mamlakatlari oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir. Shu bois ham bugungi kunda olimlarimiz eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan muhim masalalardan biri oziq-ovqat xavfsizligi borasida ilmiy-tadqiqotlar qilish va uni hayotga tadbiq etishdir.
Bugun 28-noyabr sanasida Milliy matbuot markazida oʻtkazilayoitgan Matbuot anjumanda ham Fanlar akademiyasi tarkibidagi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi tasarrufidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun qilinayotgan saʼy-harakatlar, ilmiy izlanishlar va ularning natijalari yuzasidan maʼlumotlar berib oʻtiladi.
Matbuot anjumanida spiker sifatida Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Ibragimov Baxtiyor Toʻlaganovich, Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti direktori Narimonov Abdujalil Abdusamatovich, Qishloq xoʻjaligi vazirligining Sabzavot, poliz ekinlari va Kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Hakimov Rafiqjon Abdunabiyevich, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi direktori Boʻriyev Zabardast Tojiboyevich, shuningdek, shu yoʻnalishda ilmiy-tadqiqotlar olib borayotgan ilmiy xodimlar ishtirok etdi.
Tizimda oziq-ovqat xavfsizligi borasida qilinayotgan ilmiy ishlar xususida maʼlumotlar berildi. OʻzR FA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutining oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishda olib borgayotgan ilmiy izlanishlari.
Institut olimlari tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, yuqori ozuqabop, tarkibida oqsil miqdori yuqori boʻlgan ekin turlari boʻyicha yangi navlar yaratishga qaratilgan bir qator tadqiqotlar olib borilmoqda.
Global iqlim oʻzgarishi sababli aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashda hosildorligi, nonboplik sifati yuqoriligi jihatidan xorijiy navlardan qolishmaydigan, issiqlik va qurgʻoqchilikka chidamli boʻlgan, oqsilga boy qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini yaratish va birlamchi urugʻchiligini tashkil qilish maqsadida OʻzR FA Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari tomonidan yumshoq bugʻdoyning “Bardosh”, “Pahlavon”, “Oqmarvarid”, “Qayroqtosh”, “Eʼzoz” kabi mahalliy navlari yaratilib, Toshkent, Fargʻona, Samarqand, Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga realizatsiya qilinmoqda. Bundan tashqari oddiy soyaning “Genetik-1” va “Sochilmas” navlari, sabzavot soyasining “Izumrud”, sabzavot loviyasining “Sharq yulduzi” navlari yaratilib, xalqimizni oqsilga boy ozuqa bilan taʼminlashga xizmat qilmoqda.
OʻzR FA Genomika va bioinformatika markazining oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishda olib borgayotgan ilmiy izlanishlari:
Genomika va bioinformatika markazi olimlari ham qishloq xoʻjaligi ekinlarini zamonaviy genlarni tahrirlovchi texnologiyalar yordamida takomillashtirish ustida koʻpdan beri izlanishlar olib boradi. Natijalar esa qisqa vaqtda olingan yangi biotexnologik oʻsimlik navlari bilan yakunlanmoqda.
Hosildorlik, ertapisharlik va turli biotik hamda abiotik stresslarga aloqador genlar ustida olib borilgan tahrir ishlari natijasida bugungacha, bugʻdoy va kartoshkaning hosildor “Barkamol” va “Bisyor”, navlari, gʻoʻzaning tola sifati yaxshilangan, ertapishar, hosildor va filt kasalliklariga, shuningdek, shoʻr va qurgʻoqchil muhitlarda bemalol oʻsa oladigan “Porloq” seriyasidagi 8 ta, “Ravnaq-1”, “Ravnaq-2”, “Sahovat”, “Baraka”, “Tafakkur”, “Bardosh” va boshqa qator navlari olindi.
Shuningdek, uzumning bir qator qadimiy navlari in vitro mikro klonlash usulida yangilanib, mahalliy bogʻbonlarga yetkazib berildi. Bundan tashqari, mahalliy anorlar navlarini pasportlash ishlari amalga oshirildi va anorning yangi iqlim oʻzgarishlariga bardoshli navlarini olish boʻyicha tadqiqotlar davom ettirilmoqda.
Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq tumanida joylashgan Orolning qurigan tubida yangi shoʻrga, qurgʻoqchilikka va sovuq iqlimga bardoshli gʻoʻza navlari sinovdan muvaffaqiyatli oʻtkazilib, ayni paytda ushbu navlarning kelgusi yilda urugʻlarini koʻpaytirish ishlari rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, xalqaro hamkorlik asosida Amerika qoʻshma shtatlari olimlari bilan fuzariozli viltga chidamli yangi gʻoʻza navlari roʻyhatdan oʻtkazildi. Makkajoʻxorining abiotik stresslarga chidamli yangi navlarini CRISPR Cas eng soʻnggi biotexnologik usulida olish boʻyicha yangi tadqiqotlar boshlandi. Shu kabi qator ilmiy izlanishlar haqida matbuot anjumanida maʼlumotlar berildi.