O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Shavkat Ayupov Moliya qo‘mitasi va Birlashgan yadro tadqiqotlari instituti (BYaTI, JINR) ga a’zo davlatlarning vakolatli vakillari qo‘mitasi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Unda BYaTI direktori, Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi G. V. Trubnikov va BYaTI rahbariyati a’zolari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O'z nutqida G.V.Trubnikov Institutning O‘zbekiston ilmiy tashkilotlari va ta’lim muassasalari bilan mustahkam aloqalari o‘rnatilganligini, uning rivojlanishiga ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasining BYaTIdagi vakolatli vakili bo‘lgan akademik Behzod Yo‘ldoshev yordam berganini ta’kidladi.
Shuningdek, G.V.Trubnikov so‘nggi yillarda O‘zbekiston yosh olimlari tomonidan Institutning ilmiy va ta’lim dasturlarida ishtirok etishga qiziqish kuchayayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Hamkorlikni kengaytirish uchun ikki tomonlama moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ma’lum qildi.
O‘z nutqida O’zR FA prezidenti Sh.Ayupov ham BYaTI hamisha ishonchli hamkor bo‘lib kelgani, turli davrlarda O‘zbekistonning bir qator taniqli olimlari u yerda o‘z ilmiy izlanishlarini olib borgani hamda uning natijalari asosida ilmiy ishlarini himoya qilganini ta’kidladi.
Tashrif davomida Sh. A.Ayupov va boshqa ishtirokchi davlatlar vakillari Katta adron kollayderidagi ishlarning birinchi sessiyasi tantanali ochilish marosimida ishtirok etishdi, u yerdagi laboratoriyalarga tashrif buyurib, IBR-2 impuls reaktori, Govorun superkompyuteri va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish imkonini beruvchi boshqa asosiy qurilmalar bilan tanishdilar.
Tashrif doirasida FA prezidenti Sh.Ayupov Birlashgan yadro tadqiqotlari institutida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik fizik olimlar bilan uchrashdi. Ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, O‘zbekistonga kelajakda shu yo‘nalishda kadrlar tayyorlash masalasi muhokama qilindi va asosiy rejalar belgilab olindi.