Rossiyaning Dubna shahridagi Birlashgan Yadro Tadqiqotlari Instituti Yuqori energiyalar fizikasi laboratoriyasida xalqaro BM@N (Baryonic Matter at Nuclotron – Nuklotrondagi Barion Materiyasi) kollaboratsiyasi Institutlar Kengashining yig’ilishi bo’lib o’tdi. Ushbu yig’ilishda O’zbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti (O’z FA FTI) direktori, professor Xusniddin Olimov O’z FA Fizika-texnika institutida yuqori energiyalar fizikasi sohasida olib borilayotgan dolzarb tadqiqotlar hamda qo’lga kiritilgan asosiy natijalar to’g’risida taqdimot o’tkazib, institutning Yuqori energiyalar fizikasi laboratoriyasi olimlari va yosh doktorantlari uchun xalqaro BM@N kollaboratsiyasi eksperimentlarida qatnashish har tomonlama foydali bo’lishini ta’kidlab o’tdi. Yig’ilishda shuningdek O’zbekistonlik olimlar guruhining ilmiy maslahatchisi sifatida yadro va elementar zarrachalar fizikasi sohasidagi taniqli olim, O’zbekiston hamda Rossiya Fanlar akademiyasi akademigi, professor Yuldashev Bexzod Sodiqovich ishtirok etdi. BM@N kollaboratsiyasi Institutlari Kengashining barcha a’zolari professor Xusniddin Olimov rahbarligidagi Fizika-texnika institutining Yuqori energiyalar fizikasi sohasidagi guruhini BM@N kollaboratsiyasi to’laqonli a’zoligiga qabul qilinishini qo’llab ovoz berishdi (http://www.jinr.ru/posts/itogi-rabochego-soveshhaniya-eksperimenta-bm-n-na-nica/). Guruh rahbari Xusniddin Olimov BM@N kollaboratsiyasi Institutlari Kengashi tarkibiga kiritildi (https://bmn.jinr.ru/institutional-board/ ). BM@N kollaboratsiyasiga a’zo bo’lgan O’z FA Fizika-texnika ilmiy guruhiga shuningdek O’z FA Yadro fizika institutidan a’zo sifatida Olimjon Tojiboev hamda ilmiy maslahatchi sifatida akademik Bexzod Yuldashev kiritildilar. BM@N (Nuklotrondagi Barion Materiyasi) Rossiyaning Birlashgan Yadro Tadqiqotlari Institutining yirik “NICA-Nuklotron” tezlatgich majmuasida boshlangan ilk eksperiment (https://bmn.jinr.ru/) hisoblanadi. BM@N eksperimentining asosiy maqsadi tezlatilgan relyativistik og’ir ionlarning nishon yadrolari bilan to’qnashuvlarida hosil bo’lgan zich barion materiyaning xossalarini o’rganish. Bunday zich barion materiya xossalari bo’yicha neytron yulduzlaridagi zich materiyaga juda yaqindir. BM@N xalqaro kollaboratsiyasiga jahonning 5ta davlatini 13ta ilmiy tashkilot hamda universistetlari a’zodirlar (https://bmn.jinr.ru/institutions/ ).
O’zbekistonlik olimlarning bunday nufuzli va yirik xalqaro eksperimentlarda ishtirok etishlari jahonda O’zbekiston fani nufuzini yanada ko’tarilishiga hamda o’zbekistonlik yosh olimlar va doktorantlarning o’z tadqiqot sohalarida ilg’or zamonaviy bilim, ko’nikma va tajribaga ega bo’lishlariga imkon beradi.