Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Oʼzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi” respublika ilmiy seminari oʼtkazildi


Bugun, 20-aprel kuni Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda “Oʼzbek davlatchiligi tarixida Surxon vohasi” mavzusidagi Аkademik Yahyo Gʼulomov nomidagi “Oʼzbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi” respublika ilmiy seminarining navbatdagi 78-umummilliy yigʼini Termiz davlat universitetida tashkil etildi.

 

Unda respublikamizdagi yetakchi ilmiy tadqiqot markazlari va oliygohlarining akademiklari, yetakchi soha mutaxassislari, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etishdi.

Seminarda oʼzbek davlatchiligi tarixida Surxon vohasining bronza, ilk temir, antik va ilk oʼrta asrlar davri moddiy madaniyati, davlatchilik ildizlari va ilk unvonlar kabi ilmiy maʼruzalar tinglandi. Bu masalalarga oid yangi topilmalar va yangi ilmiy xulosalar berildi. Bundan tashqari, koviylar boshqaruvi davri tarixi, Birinchi Uygʼonish davrida Termiziylarning oʼrni, maʼnaviyati hamda oʼrta asrlar davrida Surxon vohasining tarixi, madaniyati va maʼnaviyati xususida yangi ilmiy maʼruzalar tinglandi.

Bu kabi maʼruzalar Surxon vohasining hozirgi va kelgusidagi ilmiy faoliyati uchun dasturulamal boʼlib xizmat qiladi. Hammamizga maʼlumki, Surxon vohasi oʼzbek davlatchiligi taraqqiyotida muhim hudud boʼlish bilan birga Islom dunyosiga yetakchi olimlarni yetkazib bergan makon hisoblanadi. Аynan shu jihatlar eʼtiborga olinib, oʼtkazilgan seminar doirasida vohaning keyingi yillarda dunyo ilm-faniga munosib hissa qoʼshishi imkoniyatlari keng ilmiy jamoatchilik oldida muhokama qilindi. Bahs-munozarlarda respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan tarixchi olimlar va fan oʼqituvchilari jonli va onlayn shaklda bu borada oʼz fikr-mulohazalarni bildirishdi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!