Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Neft xom-ashyosini qizdirish jarayonini jadallashtirish” monografiyasi chop etildi


O‘zR FA Umumiy va noorganik kimyo instituti katta ilmiy xodimi A.A. Xudayberdiyevning “Neft xom-ashyosini qizdirish jarayonini jadallashtirish”  monografiyasi chop etildi.

Monografiya uglevodorod xom-ashyosini (neft, gaz kondensati va ularning turlicha nisbatlardagi aralashmalarini) quvurli qurilmalarda qizdirish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga bag‘ishlangan. Unda quvurli qurilmalarda amalga oshiriladigan konvektiv issiqlik almashinish jarayoni nazariyasi va amaliyoti asoslari ko‘rib chiqilgan, xom-ashyo va issiqlik tashuvchilarning asosiy xossa ko‘rsatkichlarini aniqlash natijalari keltirilgan hamda jarayonning texnologik va gidravlik parametrlarini tajribaviy quvurli qizdirgichdagi issiqlik uzatish samaradorligiga ta’siri tahlil etilgan. Uglevodorod issiqlik tashuvchilari va markazdan qochma kuch maydoni ta’siridan foydalanib xom-ashyoni quvurli qurilmalarda qizdirish jarayonini jadallashtirish uslublari bayon etilgan. Neft xom-ashyosini quvurli qurilmalarda qizdirish jarayonini matematik modellashtirish va optimallashtirish masalalari ko‘rib chiqilgan, tajribaviy va sanoat qizdirgichlarida amalga oshirilayotgan jarayonlarning statik va dinamik tavsiflari o‘rganilgan. Xom-ashyoni uglevodorod issiqlik tashuvchilaridan foydalanib qizdirish jarayoni texnologik jihatdan rasmiylashtirilgan va mazkur jarayonni jadallashtirishning tavsiya etilgan uslublarini sanoatga joriy etishdan kutiladigan iqtisodiy samaradorlikni hisoblash usullari ko‘rsatilgan.

Monografiya ilmiy xodimlar, magistratura bosqichi talabalari, doktorantlar, oliy o‘quv yurti o‘qituvchilari hamda neftni qayta ishlash, kimyo va turdosh sanoat tarmoqlarining muhandis-texnik xodimlari uchun mo‘ljallangan.  


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!