Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Navoiy tili lugʼati” nashr qilinmoqda


Navoiy zamonidan to hozirgacha besh yuz sakson yil oʼtdi. Shoir qoʼllagan soʼzlarning bir qismi isteʼmoldan chiqdi yoki Navoiy tilida ishlatilgan baʼzi soʼzlar hozirgi oʼzbek tilida butunlay boshqa maʼnoda qoʼllanilmoqda. Bunday soʼzlarni tushunish uchun lugʼat zarur boʼladi. Umuman, Navoiy qoʼllagan barcha soʼzlarni oʼz ichiga oladigan lugʼat tuzish lozim.

Navoiy asarlari boʼyicha lugʼatlar tuzish ancha oldin boshlangan. Аna shunday lugʼatlardan biri “Badoeʼ-al lugʼat”dir. Mazkur lugʼat shoir hayotligidayoq Husayn Bayqaroning farmoniga muvofiq tuzilgan.

Oʼtgan asrning 80-yillarida 4 jildlik “Navoiy asarlari tilining izohli lugʼati” nashrdan chiqdi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, hozirgacha shoir asarlariga 20 dan ortiq lugʼat tuzilgan, ammo ularning saviyasi bir xil emas. Bundan tashqari mazkur lugʼatlardagi bosh soʼzlar soni har xil va Navoiy asarlarida uchraydigan barcha soʼzlar olinmagan.

 Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-oktabrdagi «Buyuk shoir va mutafakkir Аlisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash toʼgʼrisida»gi 4865-son qaroriga muvofiq besh jilddik «Аlisher Navoiy asarlarining izohli lugʼatini nashr etish» vazifasi belgilangan. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida OʼzR FА Oʼzbek tili, adabiyoti va folklori institutida Berdak Yusuf boshchiligidagi Oʼzbek tili tarixi va dialektologiya boʼlimi aʼzolari “Navoiy tili lugʼati” ustida izlanishlarni olib bormoqdalar.

Hozirda B.Yusuf muallifligidagi 5 jildli lugʼatning 1-jildi nashr etilgan. 1-jild А-D harflarini oʼz ichiga olgan. Unda 4730 ta bosh soʼz boʼlib, ular maʼnosi lugʼatda Navoiy asarlaridan keltirilgan misollar orqali dalillangan.

5 jildli lugʼatning boshqa lugʼatlardan afzalligi shundaki, unda shoir ishlatgan hamma soʼzlar oʼz aksini topishi bosh maqsad qilib belgilangan.

2-jildi esa ulugʼ shoir tavalludiga munosib sovgʼa sifatida chop etilishi uchun “Sharq” nashriyotiga topshirildi. Yaqin kunlarda mazkur lugʼatning 2-jildi nashrdan chiqishi kutilmoqda. Qolgan jildlar ham nashrga tayyorlanmoqda.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!