Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti kimlarga beriladi?


Bugun, 16-noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti borasida press-brifing o‘tkazildi. Unda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti bilan taqdirlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarori bilan mamlakatimiz va xorijda faoliyat yuritayotgan matematika sohasidagi olimlar jamoasini keng tanishtirish va jamoatchilikka ushbu mukofot taqdirlash tartibi haqida ma’lumotlar berildi.
Brifingda V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori o‘rinbosari O‘tkir Roziqov, O‘zbekiston Matematiklari jamiyati direktori o‘rinbosari Abror Xudayberdiyev ham ishtirok etishdi.


Mukofot bilan matematika sohasidagi fundamental va amaliy ilmiy izlanishlari natijalariga ko‘ra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlar, shu jumladan, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar yakka tartibda taqdirlanadi. Mukofot bilan taqdirlash bir shaxsga matematika sohasidagi bir yoki bir nechta yutuqlari uchun amalga oshirilishi mumkin.
Mukofot 2 yilda bir marta Prezident tomonidan Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashining (Kengash) taklifiga ko‘ra quyidagi 3 yo‘nalish bo‘yicha beriladi:
fundamental sohadagi tadqiqot;
yoshlar o‘rtasidagi tadqiqot;
iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning yechimini ta’minlagan tadqiqot.
Matematika sohasidagi yutuqlarni aniqlash va mukofot bilan taqdirlanadigan nomzodlarning dastlabki ro‘yxatini tayyorlash uchun Matematika jamiyatida doimiy asosda faoliyat olib boruvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofotiga nomzodlar bo‘yicha takliflarni tayyorlash Qo‘mitasi tuziladi.
Qo‘mita Matematika jamiyatiga a’zo bo‘lgan ekspertlardan iborat tarkibda tuziladi va Matematika jamiyatining umumiy yig‘ilishi qarori bilan tasdiqlanadi.
Qo‘mita tarkibiga Matematika jamiyati a’zosi bo‘lgan matematika sohasidagi yetakchi xorijiy mutaxassislar jalb etilishi mumkin. Qo‘mita matematika sohasidagi ilmiy yutuqlarni aniqlash uchun doimiy kuzatuvlar o‘tkazadi. Unda
fundamental sohadagi tadqiqotlar bo‘yicha:
ilmiy nashrlar jamlangan axborot resurslari, jumladan, umume’tirof etilgan indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalaridagi jurnallarda;
davriy chop etiladigan ilmiy va ilmiy-ommabop jurnallarda;
yoshlar o‘rtasidagi tadqiqot bo‘yicha:
ilmiy nashrlar jamlangan axborot resurslari, jumladan, umume’tirof etilgan indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalarida;
davriy chop etiladigan ilmiy va ilmiy-ommabop jurnallarda;
yoshlarning ilmiy taklif va tavsiyalari to‘g‘risida Internet jahon axborot tarmog‘ida;
iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning yechimini ta’minlagan tadqiqotlar bo‘yicha:
ilmiy nashrlar jamlangan axborot resurslari, jumladan, umume’tirof etilgan indeksatsiyalangan ma’lumotlar bazalaridagi jurnallarda;
davriy chop etiladigan ilmiy va ilmiy-ommabop jurnallarda;
iqtisodiyotning real sektoridagi muayyan muammoning yechimini ta’minlagani to‘g‘risida Internet jahon axborot tarmog‘ida e’lon qilingan ilmiy natijalar ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga mukofot bilan taqdirlashda quyidagi ishlar ko‘rib chiqilmaydi:
avval mukofot bilan taqdirlanganlar;
avval ko‘rib chiqilgan, biroq Kengash tomonidan mukofot bilan taqdirlash uchun tavsiya etilmagan ilmiy yutuqlar;
manfaatdor tashkilotlar yoki jismoniy shaxslar tomonidan mukofot bilan taqdirlash uchun ilgari surilgan nomzodlar bo‘yicha murojaatlar.
Mukofot 1 ta yo‘nalish bo‘yicha 1 ta olimga yoki olimlar jamoasiga teng taqsimlanish asosida beriladi. Shu bilan birgalikda, Mukofot har 2 yilda 3 ta yo‘nalishga ham beriladi degani emas, agar mukofot talablariga mos nomzodlar bo‘lmasa yo‘nalishlar bo‘yicha mukofot taqdim etilmasligi mumkin.
Mukofot 50 ming AQSH dollari O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Innovatsiya Vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida taqdim etiladi. Mukofotga berilgan mablag‘larni olimlar yoki olimlar jamoasi tomonidan sarflanishi nazorat qilinmaydi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!