Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Misr va Rossiya Federatsiyasi gen nokaut texnologiyasi uchun patent berdi


Misr va Rossiya Federatsiyasi oʻzbek olimlari tomonidan gen nokaut texnologiyasi asosida yaratilgan paxta naviga patent berdi. Ushbu mamlakatlar tomonidan patentlarning berilishi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazining yuqori texnologiyalar sohasida erishgan yutuqlarining yana bir eʼtirofidir. Shuni taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston olimlarining xorijda zamonaviy innovatsion texnologiyalarga patent olishi respublikamizning ulkan ilmiy salohiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. Avvalroq AQSH patent va tovar belgilari idorasi tomonidan oʻzbek olimlarining ushbu innovatsion texnologiyasiga patent berilgan. Patent berilishi xalqaro darajada texnologiyalarni litsenziyalash imkoniyatini ochadi va nafaqat tovarlar eksporti uchun, balki intellektual mulkdan ham daromad olish imkoniyatini beradi.

Maʼlumot uchun:

Ushbu texnologiya oʻzbek olimlari tomonidan 2008-yilda ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston hukumati koʻmagi bilan keyingi tadqiqotlar texnologiyalar asosida “Porloq” navining yuqori mahsuldor, erta pishar, qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga chidamli biotexnologik paxta navlarini yaratishga olib keldi. Oʻsimliklarning seleksiya va genetik muhandisligi boʻyicha jahon tarixida boʻlmagan ushbu texnologiya bir vaqtning oʻzida paxtaning bir qancha qimmatbaho agronomik xususiyatlarini yaxshilash imkonini berdi.

Hozirgi vaqtda “Porloq” navlari tolasi odatdagidan koʻra 12% qimmatroq narxda sotiladi va ular jahon bozorida juda yuqori talabga ega. 2018-yilda butun respublikamiz boʻylab 60 ming gektardan ortiq maydonda “Porloq” navining urugʻlari ekilgan va bunday ekin maydonlarini yanada kengaytirish kutilmoqda.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!