O始zR F袗 Milliy arxeologiya markazi xodimlari 袗ndijon viloyati Marxamat tumanidagi Mingtepa arxeologik yodgorligida arxeologik tadqiqot ishlarni olib bormoqdalar.

Yodgorlik hozirgi Marhamat shahrining sharqiy chegarasiga tutashib ketgan. Mahalliy aholi tepaliklar ko始p bo始lgani uchun uni Mingtepa deb ataydi. Bu shahar xarobasi Farg始ona vodiysining antik davri yodgorliklari ichida eng yirigidir. Shahar uch qismdan iborat: ark, ichki va tashqi shahar. Ichki shahar maydoni 41 gektar, yodgorlik tashqi shahar bilan qo始shib hisoblaganda 270 gektardan ziyod.

Ma始lumki, Xitoy yilnomalari qadimgi Farg始ona podsholigi Davanda 70 dan ortiq katta va kichik shaharlar bo始lgan deb xabar beradilar. Manbalarda ulardan uchtasining nomlanishi aytib o始tiladi: Ershi, Yuchen va Guyshan. Mingtepa shahar xarobasini dastlab 袗.N. Bernshtam podsholik poytaxti Ershi bo始lishi kerak, deb fikr bildirgan. Xitoy manbasiga asosan, Ershi – Mingtepa birinchidan, vodiy sharqiy tomonida joylashgan; ikkinchidan, Mingtepada xitoylar bostirib kirgan paytdagi (mil. avv. II asr) qalin madaniy qatlamlar va ular qamal qilgan devorga juda o始xshaydigan mudofaa inshootlari (ichki va tashqi devorlar) mavjud; uchinchidan, antik davrning Mingtepachalik ulug始vor va katta yodgorlik vodiyda hozircha topilgani yo始q.
Mingtepa bizni fikrimizcha “katta shahar” (Xitoychada “dao chen”) tipidagi shaharlar qatoriga kiradi. Xitoy manbalari xabaricha Davanda ikki qator himoyalangan shaharlar bo始lgan. Hozirda olib borilgan arxeologik natijalar Mingtepani ana shunday shaharlar qatoriga kiritishga asos bo始ladi. Ta始kid joiki, birorta Xitoy manbasida boshqa birorta davlatni poytaxti degan termin uchramaydi. Xitoyliklar Ginshi termini bilan o始z davlatlari poytaxtlarinigina tushinganlar. Boshqa davlatlar poytaxtlarini du ya始ni rezidentsiya deb ataydilar.
Shahar rejasi samodan qaraganda parallelogramm ko始rinishga ega, kishini ikki qator mahobatli mudofaa inshootlari va ulardagi burjlar hayratga soladi. O始tgan asrning 50-yillarda olingan rejasida ark, ichki va tashqi shahar aniq ko始rinadi, keyincha ularni ko始plari buzib yuborilgan. Ichki shaharga kirish uch yoki to始rt tomondagi darvozalardan bo始lgan, asosiy darvoza esa g始arbiy mudofaa devorining o始rta, ya始ni 10-11 burjlar orasidagi qismida joylashgan.


2021-yilgi ilmiy qidiruv ishlari yodgorlikning g始arbiy darvozasi, deb taxmin qilingan qismida, mudofaa devori va kuzatuv minoralari o始lchamlariga aniqlik kiritish va ularni kelgusida ustini yomg始ir va qordan asrash uchun yopib muzeyga aylantirish maqsadida tadqiqotlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, yodgorlik tashqi shahar qismida, ya始ni g始arbiy devor tashqarisidagi tashqi devorning ichki qismlarida kuzatuv shurflari qazilmoqda. 袗sosiy maqsad ko始hna shaharning stratigrafiyasi, mudofaa tizimi, xunarmandchiligi, san始ati to始g始risida yangi ma始lumotlar qo始lga kiritishdan iborat.