O'zR FA Milliy arxeologiya markazida 2021-yil boshidan ilmiy xodimlar va yosh olimlar, jumladan, oliy o'quv yurtlari o'qituvchilari, muzey xodimlari hamda markaz mutaxassislari malakasini oshirishga qaratilgan qator ilmiy-amaliy kurslar boshlandi. 18-yanvardan 18-martigacha tosh asri arxeologiyasi muammolariga bag'ishlangan ilmiy-amaliy kurslar bo'lib o'tgan bo'lsa, 15-martdan 15-aprelgacha kurslar "Arxeologik qazishmalar vaqtida kameral sharoitda sopol buyumlarni o'rganish, sopol mahsulotlarining tavsifi, sopol buyumlarni chizish" mavzusida o’tkazilmoqda. Kurslarni Milliy arxeologiya markazining yetakchi mutaxassislari olib borishmoqda.
Unda Markazning ilmiy xodimlari, yosh tadqiqotchilar, doktorantlar va laborantlar, shuningdek, oliy o'quv yurtlarining talabalari, o'qituvchilari va muzey xodimlari ishtirok etishmoqda. Ular qazishmalarda topilgan sopol buyumlarni dastlabki tozalash, tavsiflash, chizish, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar yordamida vizual qayta tiklash kabi bilimlarni o'zlashtiradilar. O'quv amaliy kurslar ham nazariy, ham amaliy jihatdan yosh tadqiqotchilar uchun zarur mahorat bo'lib xizmat qiladi.
Keyingi oylarda Milliy arxeologiya markazining ilmiy-amaliy o'quv kurslari davom ettirilib, arxeologiyada GIS texnologiyalari va 3D modellashtirish kabi mavzularni qamrab olinadi.