Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Merkuriy sayyorasi tranziti kuzatildi


11-noyabr kuni noyob astronomik hodisa – Merkuriy sayyorasining Quyosh gardishidan o‘tishi kuzatildi.  Merkuriy tranziti kam kuzatiladigan astronomik hodisalardan bo‘lib,  bir asrda 13-14 marta sodir bo‘ladi.  Merkuriyning oxirgi tranziti 2016-yil may oyida kuzatilgan bo‘lib,  navbatdagisi 2032-yilda sodir bo‘ladi.

Tranzit Toshkent vaqti bilan 17: 36 da boshlanib,  23:04 gacha davom etdi. Ushbu tranzit faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida qisman kuzatildi. 

  

Mazkur hodisani teleskopda kuzatish mumkin va kuzatuv vaqtida maxsus filtrlardan foydalanish lozim,  aks holda,  ko‘zga zarar yetkazib qo‘yish mumkin.  Quyoshga teleskop orqali qaralganda kichkina qora doira (Merkuriy) asta-sekin Quyoshning diskini qanday kesib o‘tishini ko‘rish mumkin.

Ushbu hodisaning ahamiyati shundaki,  Quyosh sistemasi haqidagi to‘g‘ri ilmiy dunyoqarash,  ya’ni geotsentrik (Yer markazda) emas,  geliotsentrik (Quyosh markazda) nazariyaning yuzaga chiqishida tranzitlar muhim rol o‘ynagan.  Tranzit paytida Quyosh gardishidan o‘tayotgan sayyoraning atmosferasi haqida ham ma’lumotlar olish mumkin bo‘ladi.  

O‘zFA Astronomiya instituti yoshlarni ilm-fanga jalb qilish maqsadida bir qator amaliy tadbirlarni amalga oshirdi.  Shu kabi davriy takrorlanib turuvchi astronomik hodisalarning kuzatuvlarini tashkillashtirish yoshlarning astronomiya faniga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!