Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

MASKATDA GLOBAL BILIMLAR MULOQOTI O‘TKAZILMOQDA


26-yanvar kuni Ummon Sultonligining poytaxti Maskat shahrida fan va innovatsiyalarga bag‘ishlangan yirik xalqaro tadbir – Global bilimlar muloqoti o‘z ishini boshladi. Ikki kun davom etadigan ushbu forum Ummonning Oliy ta’lim, tadqiqotlar va innovatsiyalar vazirligi hamda Xalqaro ilmiy kengash (ISC) tomonidan tashkil etilgan. 29-30 yanvar kunlari forum ISC Bosh Assambleyasi bilan davom etadi.

Tadbirda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti S.Mirzayev ishtirok etmoqda.

 

Global bilimlar dialogi 500 dan ortiq ishtirokchilarni, jumladan, olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassislarni birlashtirib, xalqaro ilmiy hamkorlik uchun noyob platforma yaratmoqda. Forum davomida dunyodagi dolzarb muammolar muhokama qilinib, ilmiy tadqiqotlar sohasida ustuvor yo‘nalishlar belgilab olinadi. Shuningdek, tadqiqot va innovatsiyalar borasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan kelishuvlar ham imzolanadi.

Dialog sessiyalari uchta asosiy mavzuda tashkil etilgan:

•  Fanning kelajagi;

•  Ilmiy diplomatiya;

•  Fanning jamiyatdagi roli.

Shuningdek, Forum ishida sun’iy intellekt, yangi texnologiyalar, barqaror rivojlanish, fanga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash, ijtimoiy tenglik va hamjihatlikni oshirish kabi masalalar ham o‘rin olgan.

E’tiborga molik jihati shundaki, bu ISC tashkil topganidan beri, 2018-yil iyulidan buyon o‘tkazilayotgan birinchi ochiq Bosh Assambleya hisoblanadi.

Global bilimlar dialogi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish uchun muhim qadam hisoblanadi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!