Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Ma'rifatli el o‘z ulug‘in unutmas


9-aprel - Sohibqiron Amir Temur tug‘ilgan kun. Haqiqiy ma'rifatli el har qanday vaziyatda ham o‘z ajdodlarini, ulug‘larini unutmaydi. Ularning faoliyatini ezgu va qutlug‘ so‘zlar bilan yodga oladi. Ularning xayrli amallarini eslash orqali bir ajdodning farzandi ekanligini va ular siymosida millatni birlashtirib turuvchi asosni ko‘radi. 

O'zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi hamda Toshkent davlat sharqshunoslik instituti hamkorlikda Sohibqiron Amir Temur tug‘ilgan kunning 684 yilligiga atab “Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat” mavzuida onlayn ma'rifiy-ilmiy suhbat o‘tkazildi.

ushbu onlayn muloqotni Sharqshunoslik instituti rektori Gulchehra Rixsieva ochib, zaminimizning har qarichida tarix mujassam ekanligini, Sohibqiron Amir Temurdan ulkan davlatchilik, ilmu urfon, madaniy meros qolganligi, ularni chuqur hamda tizimli o‘rganishga qodir mutaxassis bo‘lib yetishish sharqshunos-talabalar zimmasida ekanligini, buning uchun hozirgi sinovli kunlarda uyda qolib, tinmay o‘qish va o‘zlashtirishning zarurati haqida to‘xtaldi. 

Shundan so‘ng, FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev Sohibqiron Amir Temur bunyod etgan saltanatda ilm-fan, madaniyat o‘z davrining eng oldingi o‘rinlarda bo‘lganligini dalillar orqali asoslab berdi. Shuningdek, u Temuriylar tarixi davlat muzeyining onlayn muzeyi dasturini ushbu masofaviy suhbatdan esdalik sifatida institut talabalari uchun sovg‘a qildi. Bu dastur orqali Toshkent davlat sharqshunoslik instituti ustozlari va ilmi toliblarining muzey fondidagi ekspozisiyalarni onlayn ko‘rish imkoniyati yuzaga keldi. 
Onlayn ma'rifiy suhbatda mamlakatimizning yetakchi sharqshunos - temurshunos mutaxassislari Omonullo Bo‘riyev, Qosimjon Sodiqov, Abdumajid Madraimov, To‘lqin Xayit, Olimjon Davlatov va Farrux Avazov o‘zlarining temuriylar tarixi va u davrdagi ilm va madaniyat bilan bog‘liq izlanishlarining yangi natijalari bilan o‘rtoqlashdilar. 
Xususan, Temuriylar tarixi davlat muzeyi bo‘lim boshlig‘i, professor Abdumajid Madraimov o‘z chiqishida Abdurazzoq Samarqandiyning "Matlai sa'dayn va majmai bahrayn" asaridagi ayrim muhim dalillarga to‘xtalib, bizgacha o‘rta asrlardan yetib kelgan qo‘lyozmalar ichida faqat aynan shu asardagina Mirzo Ulug‘bek rasadxonasining ichi bilan bog‘liq batafsil ma'lumotlar uchrashini qayd etdi.

Suhbat yakunida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti talabalarining Zoom dasturi orqali FA Temuriylar tarixi davlat muzeyiga onlayn tashrifi ham uyushtirildi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!