Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Lyutetsiy-177 PSMA-617 dori vositasi toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumot


 

Bugun https://uza.uz/ saytida “Oʻzbek olimlari saratonni 99 foizgacha davolash imkonini beruvchi yangi preparat ishlab chiqdi” sarlavhasi bilan intervyu materiallari chop etilgan. Unda Yadro fizikasi institutida ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan lyutetsiy-177 PSMA-617 radiofarmatsevtik dori vositasi toʻgʻrisida maʼlumot berilgan. Shuni aytib oʻtish kerakki maqolada bu dori lyutetsiy-177 radioizotopi va PSMA-617 Prostata spetsifik menbranali antigendan tashkil topgani yozilgan. Yaʼni bu dori vositasi asosan katta yoshdagi erkaklardagi prostata bezi rakini davolashda samarali hisoblanadi. Shu bilan birga toʻrtinchi va beshinchi dozalarida tananing boshqa qismlaridagi metastazalarga ham terapevtik taʼsir koʻrsatishi kuzatilgan.

Lekin keyinchalik bu maqola bir qator boshqa saytlar tomonidan oʻta qisqartirilgan holda qayta chop etilib, bunda PSMA toʻgʻrisidagi maʼlumot tushirib qoldirilgan. Bu bilan aholi oʻrtasida bu dori vositasi barcha rak kasalliklarini davolaydi degan tushuncha paydo boʻlgan. Eng asosiysi boshlangʻich maqolada dori vositasining 1 ta dozasi 1,5 ming ($1500) AQSH dollari deb yozilgan boʻlsa, baʼzi saytlarda (masalan, https://upl.uz/) uning narxi 1,5 dollar deb 1000-marta kamaytirib, notoʻgʻri koʻrsatilgan.

Yana shuni taʼkidlash kerakki, bu dori vositasi radioaktiv modda boʻlib u dorixonalarda sotilmaydi. Bu faqat shifoxona va klinikalarga yetkazib berilib, bu klinikalarda bemorlar tekshiruvdan oʻtkazilib, PET (pozitron-emission tomografiya) yordamida tashxis qoʻyiladi va bemordagi kasallikni lyutetsiy-177, PSMA-617 yordamida davolash mumkinligi aniqlansa klinika bizning korxonaga shu dorining kerakli dozasiga buyurtma beradi. Davolash faqatgina kasalxona sharoitida, maxsus gamma kameralar bilan kuzatuv ostida olib boriladi. Bemorlar bu dori vositasini oʻzlaricha dorixonadan sotib olib oʻzlari davolana olmaydi.

 

P/S: Ommaviy axborot vositalari vakillaridan biror yangilikni, axborotni tarqatishda qaysi manbadan olinganligi, berilayotgan faktlar to’g’riligiga alohida e’tibor berishingizni so’raymiz!


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!