Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Limon daraxti virusli va zamburugʼli kasalliklarining oldini oluvchi “BIOMIX” universal biologik vositasi


OʼzR FА Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari tomonidan intensiv bogʼlar va issiqxona sharoitida yetishtirilayotgan limon daraxti virusli va zamburugʼli kasalliklarining oldini oluvchi “BIOMIX” universal biologik vositasi yaratildi.

“BIOMIX” tarkibida foydali bakteriya hujayrasi va undan olingan qator biologik faol moddalar mavjud boʼlib, oʼsimlik immunitetini hosil qiluvchi qator biokimyoviy jarayonlarni tezlashtirib yuboradi. “BIOMIX” taʼsirida oʼsimliklarda fitoaleksinlar (kasallikdan himoya qiluvchi modda) va indol birikmalari (oʼstiruvchi gormon) sintezi keskin kuchayib kasallikka chalinishi kamayadi.

Hozirda Oʼzbekistonda eng koʼp tarqalgan kasalliklar aynan intensiv bogʼlar va limon daraxtlari barglarining qovjirab qolishi, barg sirtida turli dogʼlarning hosil boʼlishi, mevalarning chirishi hisoblanadi. Аyniqsa, mahalliy iqlim sharoitlarida moslashishi qiyin kechadigan intensiv bogʼlarda zamburugʼ yoki virusli kasalliklar juda koʼp uchramoqda. Buning asosiy sababi, mahalliy sharoitlarga moslasha olmayotgan intensiv navlar immunitetining past boʼlishidir. Shu bilan birga, intensiv navlar hujayra va toʼqimalarida yuqorida keltirilgan fiziologik faol moddalarning kam hosil boʼlishi bilan ham izohlanadi.

“BIOMIX” aynan shu muammolarning yechimida qoʼllanilishi mumkin: koʼchat navlari hujayra va toʼqimalarida fiziologik faol moddalar sintezi kuchayadi, oʼsishi va rivojlanishi tezlashadi, hosildorligi ortadi. Shuningdek, mevalar yirik koʼrinishda boʼladi. “BIOMIX” vositasi qoʼllanganda kasalliklarga qarshi qoʼllaniladigan kimyoviy preparatlar (fungitsidlar, insektitsidlar)ga hojat qolmaydi, mineral oʼgʼitlar sarfi ham keskin kamayadi.

“BIOMIX” biologik vositasi olma, gilos, limon kabi daraxtlarning barglari butun vegetatsiya davrida sogʼlom boʼlishiga yordam beradi.

Institutning mazkur ishlanmasiga Kanadaning “Abbot” kompaniyasi tomonidan qiziqish bildirilgan boʼlib, mahsulotni АQSh va Kanada bozorlariga chiqarish boʼyicha muzokaralar olib borilmoqda. Kompaniya vakillari OʼzR FА Genetika va oʼsimliklar eksperimental biologiyasi institutiga tashrifi davomida “BIOMIX” biologik vositasining muqobil biotexnologiyasini Kanadada ham yoʼlga qoʼyish masalalarini kelishib olishgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!