Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Kun tarixi: 22-mart buyuk alloma, davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek tavallud topgan kun!


Mirzo Ulug‘bek tavalludining 627 yilligi

"Din tuman kabi tarqalib ketadi, shohliklar qulaydi, ammo olimlarning asarlari abadiy qoladi"

            Mirzo Ulug‘bek.

 

Buyuk astronom va matematik, o‘z davrining buyuk allomasi, davlat arbobi Mirzo Ulugʻbek Amir Temurning sevimli nabirasi, Shohrux Mirzoning oʻgʻli hisoblaniladi. Ulug‘bek (Muhammad Tarag‘ay) 1394-yil 22-mart kuni hozirgi Ozarbayjon hududidagi Sultoniya shahrida tavallud topgan. U buyuk yulduz bilimdoni bo‘lib, Qur'oni Karimni yoddan bilgan. Ulugʻbekning onasi Gavharshodbegim, Temur saroyida hukm surgan anʼanaga ko‘ra shahzodani sohibqironning katta xotini Saroymulk xonim tarbiyasiga topshiriladi. 3-4 yoshlaridayoq shayx Orif Oraziy unga murabbiy qilib tayinlanadi. Ulug‘bek yoshligidan matematika va astronomiya fanlariga katta qiziqish bildiradi. Uning ilmli va ziyoli bo‘lishi, dunyoqarashining kengayishida otasi va bobosi to‘plagan boy kutubxona ham zamin bo‘ladi (Keyinchalik Ulug'bekning o'zi ham kutubxonaga asos solib, unda jami 15000 ta turli noyob kitoblar jamlagan). Ulug‘bek arab va fors tillarini mukammal egallagan. Ulug‘bekning ustozi matematik va astronom Qozizoda Rumiy bo‘lgan.

1409-yil Shohruh to‘ng‘ich o‘g‘li Ulug‘bekni Samarqand hokimi etib e’lon qiladi. Ulug‘bek 1417-yilda Buxoroda, 1420-yilda Samarqandda (bu Registonda barpo etilgan birinchi me’moriy ansamblga aylanadi va mazkur madrasaga Ulug‘bek islom olamining ko‘plab astronom va matematiklarini taklif etadi), 1433-yilda Gʻijduvonda madrasalarni barpo etdi.

Aynan Ulugʻbek davrida Samarqand gullab-yashnadi. Uning farmoyishi bilan 1428-1429-yillarda Koʻhak tepaligida Ulug‘bek rasadxonasi bunyod etiladi. Uch qavatli ushbu rasadxonada o‘ndan ortiq turli qurilma va asboblar bo‘lgan. Ular yordamida Ulug‘bek 1018 ta qo‘zg‘almas yulduzlarning o‘rni va holatini aniqlaydi. Rasadxonada o‘rnatilgan ulkan sekstant asbobi yordamida Ulug‘bek bir yilni 365 kun, 6 soat, 10 daqiqa, 8 soniyaga tengligini aniqlaydi. Hozirgi kun astronomlari esa yil davomiyligini 365 kun, 6 soat, 9 daqiqa, 9,6 soniya ekanligini aniqlashgan.

Buyuk mutafakkir Mirzo Ulug‘bekning to‘rtta buyuk asari bizgacha yetib kelgan. Bular, "Ziji Ko'ragoniy" (astronomiyaga oid), “Tarixi arab ulus” (“To'rt ulus tarixi”, tarix ilmiga oid),  "Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola" (matematikaga oid), "Risolayi Ulug'bek" (yulduzlar ilmiga oid).

Mirzo Ulug‘bekning boy ilmiy va tarixiy merosi necha asrlardan buyon dunyoning yetakchi ilmiy institutlari va o‘quv muassasalarida o‘rganib kelinmoqda. 1994-yil YuNESCO tomonidan olim tavalludining 600 yillik yubileyi xalqaro miqyosda keng nishonlanilib, bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Hatto Parij shahrida 2009-yilda Mirzo Ulug‘bek tavalludining 615 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazilib, unda 130 dan ziyod olimlar va turli xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.  

Xulosa o‘rnida shuni e’tirof etish joizki, Mirzo Ulug‘bek singari buyuk bobokalonlarga munosib voris avlod sifatida ilm yo‘lida yangi marralarni zarb etishimiz joizdir!

 

O‘zR FA Tarix instituti stajyor-tadqiqotchisi Zavqibek Mahmudov


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!