O’zbekiston Fanlar akademiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Konstitutsiyaviy islohotlar olimlar nigohida” mavzusida davra suhbatida Fanlar akademiyasida faoliyat olib borayotgan turli sohalarning taniqli olimlari, amaliyotchilar, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Olimlar O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha ochiq muloqotni rivojlantirish, bu borada olimlar, amaliyotchilar, ekspertlarning o‘zaro fikr almashish hamda tegishli ilmiy asoslangan fikrlarni keng jamoatchilikka yetkazishda ilm ahlining ahamiyati katta ekanini alohida ta’kidlashdi.
Bugun mamlakatimiz Konstitutsiyasiga kiritilayotgan oʻzgarishlar jamiyatimizning turli soha vakillari qatorida olimlar hayotida ham ulkan yangilanishlarga sabab boʻlishi kutilmoqda. Shu bois ham Fanlar akademiyasi tizimida faoliyat yuritayotgan har bir ilmiy xodim konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgarishlar mohiyatini toʻla anglagan holda uni atrofidagilarga ham yetkazishga harakat qilishmoqda. Oʻtkazilayotgan davra suhbatida ham olimlar oʻzaro fikr almashish jarayonida bugun uchun dolzarb boʻlgan masalalarni koʻrib chiqishadi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda ijtimoiy davlatni shakllantirish, ekologik muammolarni minimallashtirishga qaratilgan konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarni yaratish, raqamlashtirishning konstitutsiyaviy asoslarini ilmiy jihatdan tahlil qilish, konstitutsiyaga kiritilayotgan muhim o'zgarishlar borasida fikr almashildi.
Davra suhbatida ishtirok etgan akademiklar, professorlar, ekspertlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish, jumladan, xususiy mulk daxlsizligi, inson huquqlari kafolatlari, ilmiy ijod erkinligi, jamoatchilik birlashmalari faoliyati bo‘yicha o’zgarishlarga bildirilgan qator fikr-mulohazalar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Davra suhbati samimiy muloqat tarzida o’tkazildi.