Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Ko'kturklar va uzangining yoyilishi xususida


Turkiyaning nufuzli ilmiy nashrlaridan bo'lgan “Genel Türk Tarihi Araştirmalari dergisi” nomli jurnalda arxeologlar F.Maqsudov va R.Murodaliyevlarning “Ko'kturklar va uzangining yoyilishi xususida (Göktürkler ve üzenginin yayılması üzerine https://dergipark.org.tr/en/pub/gttad/issue/56123/767100)” nomli maqolasi chop etildi. Maqolada Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanidagi Chorvoq suv omborining janubidagi So'ngak mozor-qo'rg'oni va u yerdan topilgan temir uzangining tariximizda tutgan o'rni haqida ilmiy xulosalar bayon qilingan.

Aytish joizki, uzangi dastlab Markaziy Yevroosiyo ko'chmanchi xalqlari tomonidan charm va yog'ochdan qilingan. Qadimgi Hindistonda u ot minishda muvozanatni saqlash uchun katta barmoq sig'adigan halqalar sifatida ishlatilgan. Shu bilan birga, Xitoy, Koreya va Yaponiyada uzangilar yog'ochdan yasalgan va metall bilan qoplangan dekorativ dafn buyumi sifatida zodagonlar qabrlariga qo'yilgan. Ta'kidlash mumkinki, Turk xoqonligi davrida juft temir uzangilarning paydo bo'lishi, avarlar birinchi marta Yevropa hududiga uzangilarni tarqatganligini inkor qilmasdan, aynan turklar otliq qo'shinining inqilobiy faolligi tufayli yoyilgan. Uzangiga tayangan holda chavandozning kamondan o'q uzishi yoki qilich chopishi ancha osonlashgan. Bu albatta, ko'chmanchilar armiyasining asosi bo'lgan otliq qo'shin imkoniyatini sezilarli darajada oshirgan. Biroq, qattiq egarsiz, uzangiga tayanish qiyinroq edi va shuningdek, otning jarohatlanish xavfi oshardi. Bunday holatlarni o'rgangan o'tmish texnologlari o'z davri uchun muhim bo'lgan ot anjomlarini ixtiro qildilar va ishlab chiqdilar. Temir uzangi ilk o'rta asrlarda O'rta Osiyo ko'chmanchi sivilizatsiyasining paydo bo'lishida va turkiy qabilalarning keng maydonlarda tarqalishida asosiy vositalardan biri bo'lgan.

 

G'arbiy Tangritog' etagidagi So'ngak mozor-qo'rg'oni, iqlim sharoitining qulayligi va tabiiy boyligi nuqtai nazaridan muhim strategik mavqega ega joylardan biri bo'lgan. Ushbu mozor-qo'rg'on Turk xoqonligining asosini tashkil etuvchi ko'chmanchi va yarim ko'chmanchi aholining yodgorligidir. Bu yerdan topilgan uzangi turi VI-IX asrlarda Oltoydan O'rta Osiyo janubiga qadar bo'lgan hududlardagi keng qo'llanilgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!