Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Katqa’la arxeologik ekspedisiyasi navbatdagi tadqiqotlarini yakunladi


Xorazm Ma’mun akademiyasining Katqa’la arxeologik ekspedisiyasi navbatdagi tadqiqotlarini yakunladi. Ekspeditsiya rahbari, katta ilmiy xodim B.P.Sadullayevning ta’kidlashicha, tadqiqotlar davomida shaharsozlik madaniyatini aks ettiruvchi arxaik va antik davr me’moriy inshoot va turar joylar qoldiqlari, mudofaa devori qoldiqlari o‘rganildi.

Keyingi ikki yil davomida Kat-qal’aninig garbiy hududida amalga oshirilgan izlanishlar eng qadimgi me’moriy inshoot qoldig’ini va ko’plab manjetsimon gardishli arxaik davr sopollarini qayd qilish imkonini berdi. Bunday tipdagi o’xshash sopollar Xorazmning arxaik davr yodgorliklarida (Ko‘zali-qir, Xumbuztepa) ham o’rganilgan bo‘lib, yodgorlikning tarixini yangi xronologik bosqich bilan to‘ldiradi va uning vujudga kelishi taxminan 100-150 yilga qadimiylashib, mil.av. VI-V asrlarga borib taqalishini ko’rsatadi.

So‘nggi antik davrga taalluqli o‘rganilgan turar-joylar qoldiqlari shaharning g‘arbiy qismida aholi istiqomat qilganligini isbotlaydi.

G‘arbiy devor yaqinida qazilgan transheya antik davr mudofaa devorlarining ichki devori qoldiqlarini aniqlashga imkon berdi va uning butun perimetr bo‘ylab joylashganligini ko‘rsatadi.

Topilmalar ichida antik davrga oid haykalchalar, bus-butun aniqlangan sopol qozonlar ham o‘rganildi. Aniqlangan haykalchalarning ba’zilari noyob hisoblanadi va qadimgi Xorazmning haykaltaroshlik san’atiga doir yangi ma’lumotlarni taqdim etadi. Hozircha Xorazm va yaqin qo‘shni tarixiy hududlarda topilgan haykalchalarning tahlili ularga o‘xshash  variantlarning mavjud emasligini ko’rsatadi.

Shunungdek, topilmalar orasida rivojlangan o‘rta asrlarga tegishli xumlar qoldiqlari, butun holatda aniqlangan sopol ko‘zalar ham mavjud bo‘lib, IX-XI asrlarda shaharda hayot mavj urganligidan dalolat beradi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!