Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Islomda inson huquqlari: tarix va hozirgi davr” nomli ilmiy-amaliy konferensiya haqida


 Oʻzbekiston  Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda “Islomda inson huquqlari: tarix va hozirgi davr” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Konferensiya oʻzbek milliy davlatchilik tarixining ajralmas qismi boʻlgan islom huquqida inson huquqlari mustahkamlanishi va taʼminlanishi, yurtimizdan yetishib chiqqan islom huquqshunoslari asarlarida inson huquqlarining yoritilishi, zamonaviy musulmon mamlakatlari qonunlarida hamda islom tashkilotlari tomonidan qabul qilingan xalqaro-huquqiy hujjatlarning amal qilishi masalasiga bagʻishlandi.

 

Konferensiyada Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, huquqshunoslik oliy oʻquv yurtlari vakillari ishtirok etdilar. Konferensiyani Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik, yuridik fanlar doktori, professor A.X.Saidov ochib berdi hamda islom huquqshunosligining bugungi kundagi ahamiyati, buyuk maʼnaviy merosimizni keng ommaga targʻib qilish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Anjumanda islomda inson huquqlari, musulmon mamlakatlarida inson va fuqarolar shaxsiy huquq va erkinliklarining konstitutsiyaviy kafolatlari, inson huquqlarini taʼminlashda Islom Hamkorlik Tashkiloti va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar, Islom huquqida taʼlim, Islomda diniy bagʻrikenglik va boshqa dinga eʼtiqod qiluvchilar huquqlarining himoyasi, Islomda nogironligi boʻlgan shaxslar huquqi kabi jihatlar kun mavzusi boʻldi.

Taʼkidlash joizki, bu kabi konferensiyalar milliy davlatchiligimiz tarixini chuqur oʻrganish, uni yosh avlodga  yetkazish, bu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, qolaversa, musulmon mamlakatlarida inson huquqlarini taʼminlash mexanizmlari bilan tanishish borasida alohida  ahamiyatiga ega.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!