Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Inson huquq va erkinliklari asosi


Samarqand shahri Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti faollar zalida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oʻzbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va Barqaror rivojlanish markazi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish — davlatning konstitutsiyaviy burchi” mavzusidagi davra suhbati oʻtkazildi.

Davra suhbatida universitet professor oʻqituvchi va talabalar  OAV vakillari ishtirok etdi. davra suhbatida “Inson huquq va  erkinliklarini himoya  qilish — davlatning  konstitutsiyaviy burchi” va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oid referendum: mohiyat va tartib-taomillar” toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor M.Turgʻunov, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti boʻlim boshligʻi, yuridik fanlar doktori, professor M.Baratov va Institut bosh ilmiy xodimi yuridik fanlar doktori, professor N.Azizov tomonidan Konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar boʻyicha hamda referendumning tartib-tamoyillari haqida maʼlumotlar berildi.

Davra suhbatini ochib bergan OʻzFA Davlat va huquq instituti direktori, professor M.Turgʻunov yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning  20 va 21 moddalariga toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan oʻzaro huquq va majburiyatlar bilan bogʻliqdir. Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʻyilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʻyishga hech kim haqli emas.  Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari,  ularning  mansabdor  shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerak. Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”.; hamda “Har bir inson oʻz shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas. Inson oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari,  erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart. Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʻligʻini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash maqsadida zarur boʻlgan doirada cheklanishi mumkin” kabi normalarni tushuntirib berdi.

 

Tadbir yakunida tushgan savollarga tegishli javoblar berildi. Davra suhbatida 50 nafarga yaqin kishi ishtirok etdi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!