Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Ilk bor oʻzbek uzumining genomi toʻliq tadqiq etildi


O‘zbekiston qadimdan uzum yetishtirish bilan mashhur bo‘lib, dunyoda uzum xonakilashtirilgan eng qadimgi hududlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda esa yurtimiz Markaziy Osiyoda uzumchilik bo‘yicha yetakchi o‘rinda turadi.

Asrlar davomida mamlakatimizda uzumchilik Yevropadagidan boshqacha yo‘l bilan rivojlangan. Bu yerda asosan shirin, xushbo‘y, yirik mevali va mayiz uchun qulay uzum navlariga katta e’tibor berilgan.

Zamonaviy bozor talabi o‘zgarib bormoqda. Bugun uzum nafaqat mazali, balki:

  •  uzoq masofaga tashishga chidamli;
  •  uzoq saqlanadigan;
  •  urug‘siz va sifatini yo‘qotmaydigan bo‘lishi kerak.

Shu sababli uzumzorlar maydoni kengaytirilmoqda. Lekin buning uchun avvalo mahalliy uzum navlarining genetik imkoniyatlarini chuqur o‘rganish juda muhim.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi olimlari 10 ta mahalliy uzum navining genomlari o‘rgandi. Ulardan Parkent navi asosiy namuna sifatida tanlandi.
Eng muhimi — O‘zbekistonda ilk bor mahalliy uzum navining genomi to‘liq yig‘ilib, ilmiy jihatdan izohlandi.

Parkent uzumining genetik ma’lumotlari bugun dunyodagi eng yirik ilmiy baza — NCBI (National Center for Biotechnology Information) ga joylashtirildi va u yerda uzum genomining qariyb 98 foizi qamrab olingan.

Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi fondi ko‘magida Markaz NextSeq 2000 keyingi avlod ketma-ketlik platformasi va zamonaviy yuqori samarali hisoblash klasteri bilan jihozlandi, bu esa ushbu tadqiqotlarda muhim omil bo‘ldi.

Bu tadqiqotlar:

  •  o‘zbek uzumining noyob genetik boyligini saqlash;
  •   iqlimga chidamli va serhosil navlar yaratish;
  •   xalqaro bozorda raqobatbardosh uzum yetishtirish uchun mustahkam ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur tadqiqot o‘zbek ilm-fani va uzumchiligining kelajagi uchun muhim tarixiy qadam bo‘ldi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!