Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Ikkinchi jahon urushi va Oʼzbekiston xalqi: tadqiqotlar” mavzusida konferensiya oʼtkazildi


Joriy yil 29-noyabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Oʼzbekistonning eng yangi tarixi masalalari boʼyicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz, Mudofaa vazirligi “Gʼalaba bogʼi” yodgorlik majmuasi, “Oʼzarxiv” agentligi va Oʼzbekiston “Prometey” vatanparvarlik-qidiruv ekspeditsiyasi tomonidan “Gʼalaba bogʼi” yodgorlik majmuasi “Shon-sharaf” davlat muzeyida “Ikkinchi jahon urushi va Oʼzbekiston xalqi: tadqiqotlar” mavzusida respublika ilmiy konferensiyasi oʼtkazildi.

 

Konferensiya urush yillarida xalq jasorati va matonatini, mehr-muruvvati va insonparvarlik fazilatlarini oʼrganish orqali fashizm ustidan qozonilgan Gʼalabaga erishishda Oʼzbekistonning munosib hissasini har tomonlama koʼrsatish hamda bu davrni tadqiq etish masalalariga bagʼishlandi.

Unda Ikkinchi jahon urushi yillarida bedarak yoʼqolgan yurtdoshlarni qidirish boʼyicha Oʼzbekiston “Prometey” vatanvarlik-qidiruv ekspedetsiyasi faoliyati, arxiv hujjatlarini oʼrganish asosida aniqlangan yangi maʼlumotlar, shuningdek, Qarshilik koʼrsatish harakatida oʼzbekistonliklar ishtiroki yuzasidan turkum maʼruzalar tinglandi.

Konferensiyada Ikkinchi jahon urushi yillarida Harakatdagi armiya safida tibbiyot xodimi boʼlib xizmat qilgan, xalqaro “Florens Naytingeyl” medali sohibasi Rixsixon Moʼminova oilasi vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya materiallari asosida ilmiy toʼplam tayyorlanib, u Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk Gʼalabaning 77 yilligi arafasida chop etilishi rejalashtirilgan.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!