Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Ibn Sinoga nisbat berilgan “Kichik tib qonuni” endi o‘zbek tilida


Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti olimlari tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan “Ibn Sinoga nisbat berilgan “Kichik tib qonuni” “Fan” nashriyoti tomonidan chop etildi.

Fan tarixida tib ilmiga oid arab tilidagi “Kichik tib qonuni” asari ikki muallif: faylasuf va tabib sifatida Sharq va Gʻarbda mashhur boʻlgan buxorolik Abu Ali ibn Sino (980-1037) va isfahonlik tabib Abu Ali ibn Mandavayhga (vaf.1019) nisbat beriladi. 
Asar muallifi Ibn Mandavayh ekanligi aniqlanib, u mazkur asar muqaddimasida buni yozishdan maqsadi qisqa, sodda va ortiqcha zeriktirishdan xoli bir tabobat qonunini yaratish ekanini aytadi. Asar ustidagi tadqiqot ishlari uning qisqaligidan tashqari tib ilmidan xabari yoʻq kishilarga ham moʻljallab yozilganligini koʻrsatdi. Tabobat tarixida tabiblikdan xabari yoʻq kishilarga ham tibbiy asarlar yozish anʼanasi bor. Bu turdagi asarlarda uy sharoitida davolash mumkin boʻlgan kasalliklar, ularning sabab va belgilari hamda davolash usullari haqida shuningdek, tabib kelguncha koʻrsatiladigan birinchi yordam choralari aytib oʻtiladi.
Mazkur kitobning arab tilidan oʻzbek tiliga tarjimasi tadqiqot, ilmiy izoh va koʻrsatkichlar bilan taʼminlangan holda tayyorlandi va nashr etildi.

Asar oʻrta asr tabobatining ayrim nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan boʻlib, ommabop shaklda, sodda va ravon tilda yozilgan va bizgacha oʻndan ortiq nusxalarda yetib kelgan. Tarjima uning yettita qoʻlyozmasi asosida tayyorlangan tanqidiy matn boʻyicha amalga oshirildi.

Kitobdan manbashunoslar, fan tarixchilari, shifokorlar, tabiblar va boshqa sohaga qiziquvchilar foydalanishi mumkin.
 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!