Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Hamkorlikning yangi istiqbollari


Joriy yil 16-20-iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Sinszyan-Uyg‘ur avtonom rayonida joylashgan Urumchi shahrida Sinszyan ipak yo‘li konchilik sanoati hamkorligi forumi va Sinszyan konchilik sanoati xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda 20 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etdi. Mazkur forumda O‘zbekiston vakillari sifatida Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti - Navoiy bo‘limi raisi A.Mirzayev va doktorant Sh.Sharipov ishtirok etishdi.

Tadbirda soha bo‘yicha yetakchi mutaxassislar va tadbirkorlar, tog‘-kon sanoatida erishilgan yutuqlar haqida o‘zaro ma’lumot almashdilar,  shu bilan birga, yangi zamonaviy asbob-uskunalar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Shuni ta’kidlash lozimki, Xitoy bizning asosiy biznes sheriklarimizdan biridir. Ayniqsa, so‘nggi yillarda samoviy imperiya tadbirkorlari O‘zbekistonga  ko‘proq e’tibor qaratmoqdalar, ammo ular chet el investitsiyalari xavfsizligidan xavotirda. Shu sababli forum ishtirokchilari A.Mirzayevning ma’ruzasini katta qiziqish bilan tingladilar, unda u mamlakatimizning investitsion salohiyati, xorijiy sarmoyadorlarga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, ushbu yo‘nalishda qabul qilingan qonunlar va hukumat hujjatlari haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, Navoiy bo‘limining ilmiy salohiyati va bugungi kundagi ilmiy ishlanmalari, O‘zbekistondagi noruda foydali qazilmalari yotqiziqlari hamda ular bo‘yicha geologik qidiruv ishlari olib borish zaruriyati to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Nufuzli xalqaro forumda chiqishlar oralig‘ida o‘nlab ikki tomonlama va uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda yetakchi Xitoy kompaniyalarining vakillari  noruda bo‘lgan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, birgalikda kimyoviy o‘g‘itlar ishlab chiqarish va boshqa sohalar bo‘yicha hamkorlikni taklif etdilar. O‘zbekiston tomoni mazkur takliflarni o‘rganib chiqmoqda.

  

Bundan tashqari, ushbu Forum tashkilotchilaridan biri bo‘lgan “SUAR 305 davlat dasturi” loyihasi ijrochilari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limining ushbu bo‘lim qoshida Xitoydan kiritiladigan sarmoyalar oqimini muvofiqlashtiruvchi O‘zbek-Xitoy axborot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar. Bu markaz kelajakda potensial investorlar uchun istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha eng zarur ma’lumotlarni taqdim etadi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida vositachilik vazifasini o‘taydi.

 


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!