Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

Hamkorlik memorandum imzolandi


O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Navoiy bo‘limiga Rossiyaning “Восточная буровая компания” (“Sharqiy burg‘ulash kompaniyasi”) mas'uliyati cheklangan jamiyati vakillari – bosh direktori Andrey Popov, uning o‘rinbosari Dmitriy Korobov va Istiqbolli rivojlanish boshqarmasi boshlig‘i Vitaliy Popelyayevlar tashrif buyurishdi. Ularga “Navoiy” EIZ direksiyasi” AJ bosh direktori Xabib Abdullayev hamrohlik qildi. Ular bilan Bo‘lim raisi Abdurazak Mirzayev va uning o‘rinbosari Quvondiq Nurboyevlar muzokaralar olib bordilar.

Bo‘lim raisi A.Mirzayev Navoiy bo‘limi olimlari tomonidan yaratilgan innovasion loyihalari bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. Xususan, Rossiyadan tashrif buyurgan mehmonlarda Bo‘limning infratuzilmadan uzoqda joylashgan ma'dan va noma'dan foydali qazilmalar zaxiralarini tezkor geologik qidiruv ishlarini olib borish maqsadida mobil ilmiy-ishlab chiqarish geologik qidiruv otryadini yaratish g‘oyasi qiziqish uyg‘otdi. Olingan natijalarni manfaatdor investorlarga ular tomonidan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash uchun berilishi mumkin. Ushbu otryad, shuningdek, lalmikor yerlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llagan holda mevali bog‘lar yaratish uchun yer osti suvlari bilan ta'minlashda zarur bo‘ladigan yer osti quduqlarini qazishda va yer osti suvlar zahiralarini aniqlash va ularning tarkibini kimyoviy tahlil qilish imkonini beradi.

A.Popov burg‘ulash bo‘yicha mutaxassis sifatida Vaush konidan olingan bentonit gil namunalari bilan juda qiziqdi. Ular burg‘ulash loyini tayyorlash uchun ishlatilishi mumkin. Bu konda bentonitdan tashqari dolomit va kvars qumlari ham mavjud. Shuningdek, A.Popov o‘z korxonasi bo‘linmalarida istiqbolli yosh kadrlar malakasini oshirish va amaliyot o‘tashlarini bevosita joylarda tashkil etish taklifini bildirdi.

Muzokaralar yakunida tomonlar o’rtasida Hamkorlik memorandum imzolandi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!