Yagona aloqa raqami
  (+998) 71 2000036
;    
Ishonch telefoni
  (+998) 71 2335623

“Global Allium Garden” Toshkent markazi


2018-yil 27-28-may kunlari Xitoy fanlar akademiyasi Kunmin botanika instituti va boshqa tashkilotlarining 12 yetakchi olimlari va rahbarlari bilan birgalikda “Bir makon - bir yo'l” tashabbusi doirasida O'zR FA Botanika instituti huzuridagi Akad. F.N.Rusanov nomidagi Botanika bog'ida Global Allium Garden Toshkent markazining ochilish marosimi o'tkazildi. Ushbu tadbir dunyo florasidagi yovvoyi piyoz turlarini saqlab qolish xalqaro dasturi doirasida tashkil etildi. Global Allium Garden Toshkent markazi dunyoda ikkinchi hisoblanadi. Birinchi analogik markaz 2017-yil Kunmin shahrida Janubiy-sharqiy Osiyo yovvoyi piyozlarini fundamental o'rganish va saqlab qolish maqsadida ochilgan edi (Xitoy, Yunnan provintsiyasi).

 

Kolleksiyaning muhim ilmiy jihati shundan iboratki, o'stirilayotgan turlar orasida fan uchun (Allium tatyanae), O'zbekiston florasi (Allium viridiflorum, Allium filidentiforme) hamda ayrim tog' tizmalari (Allium eriocoleum) uchun yangi turlar mavjud. Ushbu kolleksiya Botanika bog'ida introduktsiya va biomorfologiya bo'yicha olib borilayotgan tadqiqotlar uchun ham asos sifatida xizmat qilmoqda.

Hozirgi kunda kolleksiya maydonida Allium turkumiga mansub 60 dan ortiq tur mavjud bo'lib, mazkur turlarning 6 tasi “O'zbekiston Respublikasi Qizil kitobi” ga (2009) kiritilgan (Allium alaicum Vved., Allium giganteum Regel, Allium isakulii R. M. Fritsch & F. O. Khass., Allium praemixtum Vved., Allium pskemense B. Fedtsch., Allium botschantzevii Kamelin) shuningdek, 4 tasi Qurama tizmasi endemlari, 4 tasi Tog'li O'rta Osiyo endemi, 1 tasi Oloy tizmasi endemi (tog'oldi), 1 tasi G'arbiy Pomir-Oloy endemi, 2 tasi Janubi-G'arbiy Pomir Oloy endemlari, 1 tasi Shimoli-G'arbiy Pomir Oloy tizmasi endemi, 1 tasi Farg'ona vodiysi shimoliy tog'oldi hududlari endemi, 4 tasi Chotqol tizmasi endemlari, 1 tasi Pomir Oloy tizmasi endemi, 1 tasi Farg'ona vodiysi endemi, 1 tasi G'arbiy Tyan-Shan va Nurota tog'lari endemi, 5 tasi G'arbiy Tyan-Shan endemlari, 9 tasi O'zbekiston florasi uchun endem turlar hisoblanadi.

 

Mazkur tashkil etilgan maydonga 2019-yil davomida Allium turkumining mahalliy 27 turga mansub o'simliklarning 2000 ga yaqin namunalari, Xitoy Xalq Respublikasidan keltirilgan 5 turga mansub (Allium gigantheum, A. gladiator, A. summer drummer, A. tuberosum, A. ambassador) 13 ta namunasi va madaniy piyozning 12 navlariga tegishli 1600 ortiq namunasi, shuningdek, tur nomiga aniqlik kiritilmagan (sp.) 27 piyoz turlarining 400 dan namunalari ekildi.

 

So'nggi ikki yilda O'zbekiston florasining noyob va endem o'simliklaridan tashqari Kunmin Botanika instituti xodimlari tomonidan topshirilgan Xitoy florasining piyozlari ham kolleksiyadan joy oldi.


Yangiliklarni telegram kanalimizda kuzatib boring!